Jahon | 10:12 / 22.03.2023
6119
3 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi: Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat uzoq muddatga o‘zgardi

Shimoliy Atlantika alyansining 2022 yildagi faoliyatini sarhisob qilar ekan, Yyens Stoltenberg Yevropa va Kanadada mudofaa xarajatlarining o‘sishini olqishlab, a’zo davlatlarni bu yo‘nalishda harakat qilishni davom ettirishga chaqirdi.

Foto: AP

Ukrainadagi urush hattoki yaqin kunlarda tugasa ham, xavfsizlik muhiti uzoq muddatga o‘zgardi. Bunday bahoni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 21 mart, seshanba kuni alyansning Bryusseldagi shtab-kvartirasida NATOning 2022 yildagi faoliyati natijalarini taqdim etgan matbuot anjumanida bildirdi.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, «asosiysi Shvetsiya va Finlandiya tezda NATOning to‘laqonli a’zosiga aylanishlaridir». Bu mamlakatlarning ittifoqqa qabul qilinishi ularni xavfsizroq, NATOni esa kuchliroq qiladi. Bundan tashqari, bu qadam alyans eshiklari ochiqligini ko‘rsatadi, deya ta’kidladi tashkilot bosh kotibi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga izoh berar ekan, Stoltenberg G‘arb ittifoqchilari uchun «bu shok bo‘lgani, ammo kutilmagan holat bo‘lmaganini» ta’kidladi. «Bu [Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi] tajovuzkor harakatlar modelining cho‘qqisi bo‘ldi», deb tushuntirdi NATO bosh kotibi.

Shu bilan birga, Stoltenberg 2022 yil iyun oyida Madridda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Rossiyani «terrorizm tahdidi davom etayotgani bilan birga», «xavfsizlik uchun eng muhim tahdid» deb hisoblaydigan strategik konsepsiya qabul qilinganini eslatib o‘tdi. Unda, shuningdek, Xitoy ittifoqning manfaatlari, xavfsizligi va qadriyatlariga qarshi chaqiriq ekani aytilgan.

Bundan tashqari, Stoltenberg Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida alyansga a’zo ko‘plab davlatlar harbiy xarajatlarni oshirishini e’lon qilganini ta’kidladi. «Endi bu va’dalar real pul, shartnomalar va aniq jihozlarga aylanishi kerak. Chunki mudofaa xarajatlari biz qilayotgan har bir ishning markazida», - dedi NATO bosh kotibi. Shu bilan birga, u 2023 yil iyulida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan alyans sammitida a’zo davlatlar harbiy budjetlar bo‘yicha yanada ulkan majburiyatlarni olishini kutayotganini bildirdi.

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil Yevropa va Kanadada mudofaa xarajatlari ketma-ket sakkizinchi yil oshirildi. Umuman olganda, ular 2014 yildan beri 350 milliard dollarga o‘sdi.

Mavzuga oid