Jahon | 09:51 / 22.03.2023
4974
2 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg Ukraina-NATO komissiyasi yig‘ilishini o‘tkazadi

Yyens Stoltenberg aprel oyida Ukraina-NATO komissiyasining yig‘ilishini o‘tkazish niyatida. Vengriya bunga e’tiroz bildirdi va Kiyev Ukraina g‘arbidagi venger ozchiligining huquqlarini poymol qilayotganini ta’kidladi.

Foto: AP

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 2017 yildan beri ilk bor NATO-Ukraina komissiyasining vazirlar yig‘ilishini o‘tkazmoqchi. Bu haqda u 21 mart, seshanba kuni Bryusselda aytdi. Vengriya uchrashuvga e’tiroz bildirmoqda: Budapeshtga ko‘ra, Kiyev Ukraina g‘arbidagi venger ozchiligining huquqlarini poymol qilmoqda. 

Yyens Stoltenberg Vengriya tomonidan Ukrainadagi ozchiliklar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘tarilgan masalalarni hurmat qilishini va «doimo konsensusga erishishga harakatda ekanini» ta’kidladi. Biroq davlatlar birdamlikka erisha olmasa, NATO bosh kotibi bunday yig‘ilishlarni chaqirish huquqiga ega va u bundan foydalanishni rejalashtirmoqda, dedi Stoltenberg. U Ukraina-NATO komissiyasi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni namoyish qilish platformasi ekanligini ta’kidladi. 

Ukraina-NATO komissiyasining birinchi yig‘ilishi aprel oyida NATO tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bundan tashqari, Yyens Stoltenberg iyul oyida Shimoliy Atlantika alyansidagi ittifoqchilar yetakchilari Volodimir Zelenskiy bilan NATOning Vilnyusdagi sammiti vaqtida uchrashishini istisno qilmadi. 

Ukraina-NATO komissiyasining yig‘ilishi oxirgi marta 2017 yilda bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng Vengriya keyingi sammitlarni bloklab qo‘yishini ma’lum qildi. Bunga Ukrainadagi ta’lim to‘g‘risidagi qonun sabab bo‘ldi, u milliy ozchiliklar tillarida maktab darslarini cheklaydi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning so‘zlariga ko‘ra, Budapesht hamon komissiya yig‘ilishiga qarshi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid