Jahon | 08:23 / 24.03.2023
4920
2 daqiqa o‘qiladi

YeI sammiti: Yevroittifoq Rossiyaga kollektiv bosimni kuchaytiradi

YeI sammitida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga kollektiv bosimni kuchaytirishga qat’iy qaror qildi. 

Foto: Reuters

Dpa agentligining qayd etishicha, RFga nisbatan qattiqroq yondashuv sanksiyalarni kengaytirish va Rossiya neft mahsulotlari uchun mavjud narx chegarasiga o‘zgartirish kiritishni o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, sammit deklaratsiyasida Xalqaro jinoiy sud tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berilgani «hisobga olingan». 

Nisbatan bosiq bayonotning asosiy sababi Vengriyaning pozitsiyasi bo‘lib, uning hukumati sammit oldidan deklaratsiyada XJS qaroriga hech qanday izoh berishni istamasligini bildirgan, deya ta’kidladi dpa.

Xalqaro jinoiy sudning qarorlari uni 1998 yilda tashkil etgan xalqaro shartnoma - Rim statutini imzolagan davlatlar uchun majburiydir. Gap 123 ta davlat, jumladan Yevropaning barcha mamlakatlari, Janubiy Amerika, shuningdek, Tojikiston, Janubiy Afrika, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi va Nigeriya haqida bormoqda. Biroq, ular orasida Qo‘shma Shtatlar ham, Rossiya ham yo‘q.

Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergani haqida 17 mart kuni XJS saytida xabar berilgan. Sud Rossiya prezidentini harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid