Jahon | 08:05 / 25.03.2023
8228
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriyadagi bazalarga hujum uchun javob qaytarishi mumkin

Pentagon hujumda IIMK bilan aloqador guruhlarni aybladi. Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi kuchlariga tahdid qilinsa, «tegishli javob berish» huquqini saqlab qolishini bildirdi.

Foto: AP

AQSh Suriyadagi o‘z qo‘shinlarini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi. Bu haqda 24 mart, juma kuni Pentagon o‘z bazalaridan biriga navbatdagi hujumga javoban ma’lum qildi. Qo‘shma Shtatlar hujumda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga qarashli harbiylashtirilgan guruhlarni aybladi va mintaqadagi AQSh kuchlariga tahdid qilinsa, «tegishli javob berish» huquqini saqlab qolishini bildirdi.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruhlar Amerika bazasiga 10 ta raketa uchirdi, deya ta’kidlab o‘tdi Mudofaa vazirligi. Buning oqibatida hech kim jabrlanmadi, yerusti inshootlari va jihozlariga zarar yetmadi, dedi AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Patrik Rayder.

AQSh prezidenti Jozef Bayden ham voqealarni hisobga olib, o‘z mamlakati qat’iy harakat qilishga tayyorligini ma’lum qildi. «Qo‘shma Shtatlar Eron bilan ziddiyatga intilmayapti, ta’kidlayman, lekin biz xalqimizni himoya qilish uchun qat’iy harakat qilishimizga tayyor turing», dedi Oq uy rahbari Kanadadagi matbuot anjumanida.

Bu oxirgi ikki kun ichida Suriyadagi xalqaro koalitsiya obektlariga ikkinchi hujumdir. 23 mart kuni mamlakat shimoli-sharqidagi AQShning yana bir bazasiga uchuvchisiz uchish apparati hujum qildi. Natijada bir askar halok bo‘ldi, yana olti nafari yaralandi. Pentagon Suriyadagi eronparast guruhlarni hujum uchun javobgar deb hisoblayapti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid