Jahon | 12:42 / 29.03.2023
13523
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqdi

Qozog‘istonda hukumat o‘z vakolatlarini topshirdi va Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi tasdiqlanmaguncha o‘z vazifalarini bajaradi.

Foto: Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Bu haqda Qozog‘iston prezidentining «Qozog‘iston Respublikasi hukumati to‘g‘risida»gi farmonida aytilgan. Hujjat Oqo‘rda saytida e’lon qilingan.

«Konstitutsiyaning 70-moddasi 1-bandi, «Qozog‘iston Respublikasi hukumati to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunning 4-moddasiga muvofiq, hukumatning yangi saylangan parlament majlisi oldida iste’foga chiqishi munosabati bilan hukumat yangi tarkib tasdiqlanmaguncha o‘z vazifalarini bajarsin», — deyiladi hujjat matnida. 

Avvalroq Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov hukumat yangi Konstitutsiyaga muvofiq iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi.

«Yangi bosh vazir kim bo‘lishini prezident va parlamentning yangi majlisi hal qiladi», dedi u. 

Qozog‘istonda ro‘yxatga olingan yetti partiyadan oltitasi respublika parlamenti quyi palatasiga kirdi, hukmron «Amanat» partiyasi ko‘pchilikni (53,9 foiz ovoz) o‘rinni qo‘lga kiritdi, «Auyl» Xalq demokratik vatanparvarlik partiyasi 10,9 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Mavzuga oid