Jahon | 07:56 / 10.04.2023
21287
3 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Rossiya-Ukraina urushidagi burilish Baxmutda bo‘lmaydi

London Qirollik kolleji katta ilmiy xodimining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari Baxmutda oldinga siljiyapti, lekin «juda, juda sekin». Urushning burilish nuqtasi boshqa joyda bo‘ladi, deydi Mayk Martin.

Foto: Picture Alliance

Ayni damda Rossiya qariyb olti oydan beri bosib olishga urinayotgan Ukraina sharqidagi Baxmutga e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, urushning burilish nuqtasi boshqa joyda sodir bo‘ladi. Bu fikrni 9 aprel, yakshanba kuni London Qirollik kollejining katta ilmiy xodimi Mayk Martin DW'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Rossiya ta’minot liniyalarini kesishga harakat qiladi va bu ukrainaliklarning chekinishiga olib kelishi mumkin. Ammo ukrainaliklar bu ta’minot liniyasini ushlab tura olsalar, Baxmutni saqlab qolishadi», - dedi Martin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Baxmutni faqat Rossiya tomonining harakatlarini bog‘lash maqsadida ushlab turishdan manfaatdor. Biroq, ekspert boshqa joylarda, masalan, Zaporijjyada urushda burilish nuqtasi bo‘lishini kutmoqda.

Martinning so‘zlariga ko‘ra, RF Qurolli kuchlari Baxmutda «juda va juda qobiliyatsiz» harakat qilyapti. Ayni damda ular shaharni uch tomondan nazorat qilmoqda, biroq Ukrainaning barcha kuchlarini tuzoqqa tushira olishmadi, deya qo‘shimcha qildi ekspert. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus harbiylari shahar markazidagi bino ortidan binoni egallab, oldinga siljimoqda. «Shunday qilib, Rossiya tomonida olg‘a siljish bor, lekin bu juda sekin va buning uchun yuqori narx to‘lashi kerak bo‘lyapti», dedi DW suhbatdoshi.

Uning aniqlik kiritishicha, agar ilgari maxsus xizmatlar asosan aloqalarni tinglash va sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanib, turli kuchlarning joylashuvini o‘rganishga tayangan bo‘lsa, endi ular asosan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi. «Barcha razvedka xizmatlari Twitter va Telegram'da o‘tiribdi hamda barcha yuklangan videolarni tomosha qilmoqda. Bu ularga sodir bo‘layotgan voqealarning haqiqatdan ham eng so‘nggi tahlilini olish imkonini beradi», deb qo‘shimcha qildi Martin.

Mavzuga oid