2023 yil dekabriga kelib frontdagi tashabbus to‘lig‘icha RF qurolli kuchlari qo‘liga o‘tdi. Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivkadagi mustahkamlangan hududlarini bir urinishda qurshovga olishga erisha olmagach (bu amaliyotga katta kuchlar jalb etilgandi), butun front bo‘ylab lokal zarbalar berish strategisini qo‘llamoqda, bu o‘tgan qishda sinovda o‘tgandi. Bunday hujumlar Ukraina qurolli kuchlarini faol harakatlanishga majbur qilmoqda: qo‘mondonlik oldinroq Zaporijjya oblasti va Baxmut atrofidagi hujumkor guruhlarni zaiflashtirish hisobiga Avdiyivkaga qo‘shimcha kuchlar olib o‘tishiga to‘g‘ri kelgandi, endi esa lokal inqirozlarni bartaraf etish uchun ushbu zaxiralarni turli yo‘nalishlarga qayta yo‘naltirish talab etilmoqda.
Shu bilan birga, Avdiyivka Rossiya kuchlarining asosiy hujum yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Bu shahar atrofidagi yurish sekinlik bilan bo‘lsa-da, davom ettirilmoqda. Va RF qurolli kuchlari egallab olgan har bir yuz metr ta’minoti atigi bir necha kilometr kenglikdagi yo‘lak bo‘ylab amalga oshiriladigan Avdiyivka himoyachilarining holatini og‘irlashtirmoqda.
Avdiyivka
- Rossiya qo‘shini dekabrda Orixiv va Baxmut atrofidan olib kelinib, shahardan shimoldagi Avdiyivka — Pokrovsk temiryo‘li bo‘ylab joylashtirilgan zaxira kuchlari mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu yo‘ldan g‘arbda, Stepove (Petrovsk) qishlog‘i hududida va Avdiyivkaning shimoliy chekkasida joylashgan koksximiya zavodida ham janglar olib borilmoqda. RF qurolli kuchlari temiryo‘lning g‘arbiy tomoniga og‘ir texnikalarini olib o‘ta olgan. Ukraina qurolli kuchlari muntazam ravishda qarshi hujum uyushtirmoqda va ikki tomon ham yo‘qotishlarga uchramoqda.
- Rossiya qo‘shinlari Stepovedan shimolda hujum frontini kengaytirib, Berdichi va Novokalinove qishloqlariga yetib borishga harakat qilmoqda. Umumiy reja yaqqol ko‘rinib turibdi — RF qurolli kuchlari front bo‘ylab Ukraina qurolli kuchlarining Orlivka va Lastochkine qishloqlari orqali o‘tuvchi asosiy ta’minot chizig‘iga yetib bormoqchi

- Dastlabki rejaga ko‘ra, janubdan — Donetsk aeroporti atrofidagi Vodyane va Opitne qishloqlari tomondan — yirik kuchlar Rossiya qo‘shinlarining shimoliy guruhi bilan birlashish uchun hujum qilishi va doira Lastochkineda yopilishi mo‘ljallangandi. Ammo janubdan qilingan yurishlar oktyabr oyidayoq Tonenke va Severne qishloqlari yaqinida to‘xtatildi. RF qurolli kuchlarining ushbu qishloqlarga kirish uchun ko‘p sonli urinishlari muvaffaqiyatsiz chiqdi.
- Rossiya qo‘mondonligi Avdiyivka garnizonini qurshab olish illyuziyasiga berilmagan: katta ehtimol bilan, gap faqat ularni qurshov xavfi ostida va ta’minot yomonlashishi sharoitida chekinishga majbur qilish haqida ketgan (xuddi bahorda Baxmutda bo‘lgani kabi). «Siqib chiqarish»ga Avdiyivkaga to‘g‘ridan to‘g‘ri janubi-sharqdan hujum qilgan guruh mas’ul bo‘lgan. Noyabr oyi oxiri va dekabr oyi boshida bu guruh Avdiyivkadan janubdagi sanoat zonasini deyarli to‘liq egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo dekabrda bu yurish sekinlashib qoldi. Ukraina qurolli kuchlari vaziyatni barqarorlashtira oldi; ukrain qo‘shini hamon sanoat zonasi atrofidagi — suv tozalash stansiyalari, dala hovlilar va «Tsarskaya oxota» dam olish bazasidagi pozitsiyalarni egallab turibdi. Bu obektlarning barchasi Rossiya armiyasining 2022 yil fevralida boshlangan bosqinidan oldinroq mustahkam istehkomlarga aylantirilgandi.














