O‘zbekiston | 14:58 / 10.04.2023
23124
17 daqiqa o‘qiladi

E’tibordan chetdagi mavzu. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan maktab hojatxonalariga “sayohat”

O‘zbekistondagi juda ko‘p maktablar hojatxonasida elementar sanitariya sharoitlari yo‘q. O‘quvchi-yu o‘qituvchilar juda abgor ahvoldagi hojatxonalardan foydalanishga majbur. Xo‘sh, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Aslida ular qanday bo‘lishi kerak? Bunga kim mas’ul?

Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 82,8 foizi turli darajadagi sanitariya darajasiga ega chuqur kovlamali hojatxonadan foydalanadi. Bor-yo‘g‘i 16,6 foiz aholining uyida ventilyatsiya qilingan (yaxshilangan) chuqur kovlamali hojatxona bor. Hojatxonasi markazlashgan kanalizatsiyaga ulanganlar ulushi ham atigi 16 foiz.

Maktablar borasida tadqiqot o‘tkazilsa ham, natijalar bundan yaxshiroq bo‘lishi dargumon.

Qozog‘iston bizdan oldinda

2019 yilda Qozog‘istonning Jambul viloyatidagi maktablardan birida o‘quvchi qiz zo‘rlab ketiladi. O‘sha yildan boshlab hukumat barcha ta’lim muassasalaridagi tashqi hojatxonalarni likvidatsiya qilish, ya’ni yo‘q qilishga buyruq beradi. “Qizaloq bilan bu voqeaning qanday bog‘liqlik joyi bor?” deyishingiz mumkin. Gap shundaki, 12 yoshli bu qizcha aynan maktab binosidan sal uzoqroqda joylashgan tashqi hojatxonada zo‘rlab ketilgan.

O‘sha yili 7 014 ta qozoq maktabida jami 2,5 mingdan ko‘p tashqi hojatxonalar borligi, shuning 2 357 tasi aynan qishloq hududlarida joylashgani aniqlangan. Oradan 3 yil o‘tdi, ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 50 tagina tashqi hojatxona qolgan, xolos.

Xo‘sh, O‘zbekiston maktablarining bu boradagi ahvoli qanday? Bu masalani ayrim maktablar misolida ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Andijon viloyati

Asaka tumanidagi 40-maktab. Bu maktabda 315 nafar o‘quvchi uchun bitta kichkinagina hojatxona xizmat qiladi. Uning ko‘rinishidan avariya yoqasiga kelib qolganini payqash qiyin emas.

Asaka tumanidagi 40-maktab hojatxonasining tashqi ko‘rinishi / Foto: Kun.uz
Asaka tumanidagi 40-maktab hojatxonasining ichki ko‘rinishi / Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dekabr oyida maktabda yangi hojatxona qurish uchun hozirgi hojatxonaning oldiga chuqur kovlab ketilgan, lekin ish oxiriga yetkazilmagan. Hozirgi hojatxonaga borish uchun o‘quvchi va o‘qituvchilar shu chuqur oldidan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.

Xuddi shu tumanda joylashgan 45-maktabda ham ahvol yaxshi emas. Muassasa xojatxonasining devorlari barmoq kengligida yorilib ketgan. 385 nafar o‘quvchi uchun qurilgan bu hojatxonaning ham talabga javob bermasligini yaqqol ko‘rish mumkin.

Asaka tumanidagi 45-maktab hojatxonasi / Foto: Kun.uz
45-maktab hojatxonasiga kirish uchun o‘rnatilgan zinaning holati / Foto: Kun.zu

Farg‘ona viloyati

Viloyatning O‘zbekiston tumani “Qaynar buloq” MFYdagi 45-maktab filiali hisoblangan 54-maktabning hojatxonasini ham misol tariqasida keltirish mumkin.

Farg‘onadagi 54-maktabning ta’mirtalab, eshigi qoparilib tushgan hojatxonasi / Foto: Kun.uz
Hojatxonaning ichki ko‘rinishi ham yaxshi holatda emas / Foto: Kun.uz

Uchko‘prik tumanidagi 3-maktabning tashqi hojatxonasi ham anchagina ta’mirtalab, abgor ahvolga kelib qolgan. Muassasada 700 nafar bola ta’lim oladi, ammo ular mana shu devorlari yorilib, sanitar talablariga umuman javob bermaydigan tashqi hojatxonadan foydalanadi.

Samarqand viloyati

Samarqand tumanida joylashgan 30-maktab hojatxonalari eski davrlarda qolib ketgandek. O‘g‘il hamda qiz bolalar foydalanadigan kabinalarning eshigi yo‘q. Ichki devorlari esa mog‘orlab, o‘pirilib ketgan. Sanitar talablarga umuman javob bermasligi ko‘rinishidan ham ma’lum.

30-maktab hojatxonasining ichki ko‘rinishi / Foto: Kun.uz
30-maktab hojatxonasining ichki ko‘rinishi / Foto: Kun.uz

Shu tumanning 26-maktab hojatxonasi ham salkam shu ahvolda. Tashqi devorlari avariya holatiga kelib qolgan. Unda ham 4 ta kabinasi uchun eshiklar yo‘q, shunga qaramay hojatxonaning o‘g‘il bolalar bo‘lmasi ichkarisiga videokamera o‘rnatilgan.

Samarqand tumanida joylashgan 26-maktab hojatxonasining o‘g‘il bolalar bo‘lmasi ichiga o‘rnatilgan kamera / Foto: Kun.uz

Bundan tashqari, Urgut tumanining 39-, 46-, 103- hamda Toyloq tumanining 128-maktab hojatxonalariga ortiqcha izoh bermasak ham bo‘ladi. Sharoitlar yuqorida sanab o‘tilganlaridan abgor bo‘lsa abgorki, ammo yaxshi emas.

39-maktab hojatxonasi / Foto: Kun.uz
46-maktab hojatxonasi / Foto: Kun.uz
103-maktab hojatxonasi / Foto: Kun.uz
128-maktab hojatxonasi / Foto: Kun.uz

Ma’lumotlarga ko‘ra, Urgut tumanida 147 ta umumta’lim maktabi, 9 ta maktab filiali hamda 1 ta barkamol avlod bolalar markazi bor. Mana shu maktablarda jami 110 mingga yaqin o‘quvchilar ta’lim oladi.

Ana endi tasavvur qiling, jami 157 ta maktabdagi o‘quvchilar hisoblanganda, ularning har birida 700 nafardan ziyod bola ta’lim olayotgani kelib chiqadi. Shuncha qora ko‘zlarga esa mana shu kichik sig‘imli, o‘ta yomon ahvoldagi hojatxonalar xizmat qilib kelmoqda.

Muammo bugun biz e’tibor qaratgan maktablardagina emas. Ushbu videomaqolamizni tayyorlash jarayonida ko‘plab maktablardagi vaziyatni o‘rgandik. O‘quvchilarning ota-onalari, o‘qituvchilar hamda faollar bilan suhbatlashdik. Amin bo‘ldikki, vaziyat bugun ko‘rganlarimizdan o‘n chandon yomon bo‘lgan maktablar ham talaygina. Ayniqsa ma’muriy markazlardan uzoqlashgan sari, maktab xojatxonalaridagi ahvol ham og‘irlashib boradi.

Aslida maktab hojatxonalari qanday bo‘lishi kerak?

Sanitariya-epidemiologiya normalari va qoidalariga ko‘ra, maktablarning har bir qavatida o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida hojatxonalar bo‘lishi va uning kabinalari balandligi kamida 1,75 metr bo‘lgan va pastki qismi polga 0,2 metrda tegmaydigan to‘siqlar bilan ajratilishi kerak. Har bir kabinalarning o‘lchami 0,8ga 1 metr bo‘lishi, bunda sanitariya inshootlarining maydoni har bir kishi uchun 0,1 kvadrat metrdan olinishi lozim.

Shuningdek, hojatxonalarda har 20 nafar qiz o‘quvchi uchun 1 ta unitaz, 30 nafari uchun 1 ta yuvinish joyi, 40 nafar o‘g‘il bola uchun esa 1 ta unitaz, 1 ta pissuar va 1 ta yuvinish joyi yaxshi holatda, hech qanday nuqsonlarsiz bo‘lishi belgilangan.

Qolaversa, har bir hojatxona kerakli ashyolar, xususan, hojatxona qog‘ozi, chiqindi uchun chelaklar, qo‘l yuvish uchun sovun hamda sochiq yoki qog‘oz sochiqlar bilan ta’minlanishi zarur.

Yuqorida qayd etilganidek, ayni shu mavzuda qozoqlarning tajribasi ancha samarali ekanini ko‘rish mumkin. O‘tgan yili Qozog‘iston maktablaridagi yaroqsiz hojatxonalarni aniqlash va ularni yaxshilash maqsadida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda “Toile” loyihasi ishga tushirilgan. Mana shu loyihaga ko‘ra, yaxshi hojatxonani 6 ta jihati bilan ajratib olish mumkin. Ya’ni u binoning ichida joylashgan, kabinalari alohida qilib ajratilgan, toza unitazga ega, issiq-sovuq suv hamda sovun va hojatxona qog‘ozi bilan ta’minlangan, eng asosiysi doim ochiq bo‘lishi kerak.

Abgor hojatxonalar qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, inson axlatining 1 grammida 10 milliontagacha virus, bir milliontagacha bakteriya, mingtagacha parazit kistasi va yuzga yaqin parazit tuxumi bo‘lishi mumkin.

Diareya va shu kabi kasalliklar inson axlatidagi kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar tufayli yuzaga keladi. Bu – organizmda suv yetishmasligi, to‘yib ovqatlanmaslik, isitma va hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin. Bularning, ayniqsa, bolalar va immuniteti zaif bo‘lgan odamlarga yuqish ehtimoli juda yuqori.

O‘z navbatida, diareya tufayli traxoma kabi ko‘z infeksiyalari kelib chiqishi mumkin. Bu bolalar orasida qizamiq, bezgak, poliomiyelit, gepatit A va E, ichak qurtlari, teri kasalliklari va hatto ko‘rlikka olib keladi.

Ta’lim sifatiga ham ta’sir qiladi

Sifatsiz sanitariya sharoitlari inson salomatligiga salbiy ta’sir qilganidek, bolalar orasida maktabda davomatning va natijada ta’lim olish sifatining pasayishiga ham olib keladi. Bu borada qilingan tadqiqotlarning 47 tasidan 8 tasida aynan shu holat kuzatilgan.

Shuningdek, toza saqlanmagan maktab hojatxonalari bolalarning u yerga kirmasligiga va oqibatda ichak, siydik pufagi kasalliklariga chalinishiga sabab bo‘ladi. Isroilda maktab o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan tadqiqot bolalarning sanitariya sharoiti tufayli hojatxonadan foydalanmasligi ularning kognitiv qobiliyatini pasaytirishini va darslarni o‘zlashtirishida muammolar yuzaga kelganini ko‘rsatgan.

“Maktab qurilishida hojatxonalar masalasi inobatga olinmagan”

Nima uchun 500 nafardan ziyod o‘quvchiga ega ayrim maktablarda hanuzgacha talabga javob bermaydigan hojatxonalar mavjud? Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi xodimi Dilfuza Hikmatovaning javob berishicha, bunga maktab qurilishida yetarlicha e’tibor berilmagani sabab bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, 50 yoki 70 yil ilgari qurilgan maktablar uyoqda tursin, yangidan barpo qilinayotgan yoki rekonstruksiyaga tushgan maktablarda ham shu ahvol.

Dilfuza Hikmatova, Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi xodimi / Foto: Kun.uz

“Bunday maktablar qurilishida loyiha hujjatlari ma’lum bir tashkilotlar bilan kelishilmagan. Ming afsuski, bunday holatlar ko‘pincha Toshkent shahrining o‘zida ham bo‘lib turibdi. Maktab binosi qurilganidan keyin yoki rekonstruksiyaga tushganidan keyin quruvchi tashkilot tomonidan ushbu obektni qabul qilish dalolatnomasini ko‘tarib kelishadi. Lekin bu qurilish ishlari boshlanishidan oldin loyiha chizmalari chizilganda ma’lum bir tashkilot, masalan, yong‘in xavfsizligi, SES xodimlari bilan kelishuv dalolatnomasi rasmiylashtirilishi kerak.

Bizda shu amaliyot oqsab kelmoqda. Albatta, bunda loyihachi tashkilotlarning ham katta aybi bor. Yuqorida aytib o‘tilgan maktablarning qurilishi jarayoni noto‘g‘ri tashkil etilgani buning eng katta sabablaridan hisoblanadi”, – deydi Hikmatova.

Bu borada jamoatchilik nima deydi?

Mavzuni o‘rganish davomida mavzu yuzasidan jamoatchilik faollari ham o‘z fikrlarini bildirishdi. Xususan, bu borada iqtisodchi Valijon To‘raqulov O‘zbekistonda maktablardagi hojatxonalar masalasi e’tibordan chetda qolayotganini tanqid qildi.

Valijon To‘raqulov, iqtisodchi / Foto: Kun.uz

“Aslida maktab hojatxonalari ta’limning uzviyligi, uning darajasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Masalan, hojatxonalar 3 xil tomondan, ya’ni tozaligi, yaqinligi, xavfsizlik jihatdan qulay bo‘lishi kerak.

Tadqiqotlarda sanitar ahvoli yaxshi bo‘lmagan hojatxonalarga kirmaslik uchun bolalar suvni kamroq ichishga harakat qilishi aniqlangan. Bu bilan ular holati yaxshi bo‘lmagan hojatxonaga kirishga “qarshi kurasharkan”. O‘quvchi, talabalar ko‘proq miya bilan ishlagani sabab ularga suv juda ham zarur. Ko‘ryapsizmi, hojatxonalar masalasi nafaqat davomatga, balki ta’limning o‘ziga ham ta’sir qiladigan tomonlari bor.

Koreyada maktab hojatxonalariga shunday yondashilganki, bu borada koreyaliklarning hukumat darajasidagi veb-saytlari ham bor. Mazkur saytda qayerda ommaviy hojatxonalar borligi aks etgan, ularning reytingi ham yuritiladi. Yuqorida qayd etib o‘tganlarim: tozalik, yaqinlik hamda xavfsizlik jihatlari bo‘yicha Koreyaning barcha maktab hojatxonalari javob beradi. Maktablarning har bir qavatiga hojatxonalar qurilgan. Bu xalq uchun hojatxonalarning tozaligi davlat miqyosidagi madaniyat hisoblanadi”,– deydi To‘raqulov.

Shuningdek, shu vaqtgacha ta’lim mavzularini yoritib kelayotgan bloger Isroil Tillaboyev ham bu boradagi fikrlarini bildirdi. Uning qayd etishicha, hojatxonalarning sanitar holati va uni ashyolar bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar o‘z ishlariga sovuqqonlik bilan yondashishmoqda.

Isroil Tillaboyev, ta’lim mavzularini yorituvchi bloger, sobiq pedagog / Foto: Kun.uz

“30-50 yil oldin qurilgan maktablarimiz ham son-sanoqsiz. Bu maktablarning hojatxonasiga kim e’tibor bermoqda? Ancha oldin bu inshootlarni ta’mirlash, qayta qurish uchun katta kampaniya boshlangandi. Afsuski, bu ham maktabning o‘ziga tashlab qo‘yilgan. Vaholanki, bu vazifa mahalliy hokimliklarga yuklatilgan.

Qaysi maktab direktori hokimlarning oldiga borib, hojatxonani kerakli ashyolar bilan ta’minlab berishini so‘raydi. Aslida birinchi savolni shundan boshlash kerak. Chunki hech qaysi maktab rahbari hokimlikka kirib, buni talab qila olmaydi. Talab qila olmadimi, hojatxonani sanitar holatga keltirishning boshqa muqobil variantlarini izlab ko‘rishadi. Bunda ularda 2 ta yechim bor, xolos: yo ota-onalar, yo o‘qituvchilar maktabni shu ashyolar bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi. Bu jarayonda ota-onalarga ham ayta olisholmaydi. O‘z-o‘zidan maktab rahbari muassasadagi mavjud imkoniyatdan, o‘qituvchilar imkoniyatlaridan kelib chiqib, iloji boricha hojatxonaga kerakli mahsulotlarni pul yig‘ib qo‘yishga harakat qilishadi.

Bu ishni eplay olmasachi? Bu holatda ularni SES xodimlari kutib turgan bo‘ladi. SES xodimlari qonun talablarini ushlab olishadi, nimalar qilinishi kerakligi ko‘rib chiqiladi, lekin qaralsa, hech kim uni bajaryotgani yo‘q. Qarabsizki, jarima solib ketilaveradi. Yozilgan qonunni kim bajarishi kerak? Mana shu narsa arosatda qolgani sababli maktab jamoasi aziyat chekib kelishmoqda”,– deydi Tillaboyev.  

Bunga kim mas’ul?

Hojatxonalarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish masalasi mahalliy hokimliklar zimmasida. 2018 yil -sentabrda qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, mahalliy hokimliklar maktablarni qo‘llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko‘maklashish, xususan, ularni elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlashga mas’ul deb belgilangan.

Ammo shu vaqtgacha hokimliklar bu vazifani to‘lqonli bajarib kelyaptimi? Javob yuqoridagi holatlarda ham namoyon.

Nima qilish kerak?

Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, aholi orasida sanitariya-gigiyena mavzusidagi tashviqot ishlari sezilarli natija bermaydi. Ya’ni tatbiq qilish jarayonlarida joylarda hojatxonalar soni ortishi mumkin, ammo bu uning tozaligi ta’minlanishiga, bolalar orasida kasalliklar sonining kamayishiga xizmat qilmaydi.

Tadqiqotlar natijasidan xulosa shuki, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tashviqot ishlari odamlar orasida xabardorlikni oshiradi va harakatga undaydi, ammo bu bolalar orasida kasallikni kamaytirish uchun yetarli emas.

Tashviqot moliyaviy yordam bilan ta’minlangan taqdirda sezilarli natija beradi. Buni Bangladeshda o‘tkazilgan tadqiqot misolida tushuntirishga urinamiz. Ya’ni bunda tashviqot, tashviqot va 75 foizli vaucher subsidiya, tashviqot va hojatxona o‘rnatish bo‘yicha texnik ko‘mak kabi intervensiyalar kombinatsiyasi qo‘llanilib, qaysi birining samarasi ko‘proq bo‘lishi o‘rganilgan. Natijalarga ko‘ra, kutilganidek tashviqotning yakka o‘zi va hojatxonani barpo qilish bo‘yicha texnik ko‘mak ham hech qanday samara bermagan. Ammo tashviqot va vaucherli subsidiya uy xo‘jaliklari orasida hojatxonalar bilan ta’minlanish darajasining 22 foizga o‘sishiga olib kelgan.

Albatta, barcha uy xo‘jaliklarini markazlashgan oqova tizim (kanalizatsiya) bilan qamrab olish ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadi. Ammo hozirgi holatda maktablarda sanitariya talablariga javob bermaydigan chuqur kavlamalarni ventilyatsiya qilinadigan va plitalar bilan qoplangan holatga keltirish, binoning ichiga ko‘chirish tavsiya etiladi.

Kelgusida budjet yoki nobudjet mablag‘lari taqsimotida ishtirok etadigan barcha bo‘g‘inlar, xususan, tashabbusli budjet dasturi doirasida aholi, korporativ ijtimoiy mas’uliyat doirasida xususiy biznes, mahalliy kengashlar, hokimliklar, maktab rahbarlari, xayriya jamoat fondlari vakillari va ko‘ngillilar tomonidan ushbu masalaning ahamiyati e’tibor markazida bo‘lishi amaliy natija beradi.

Afsuski, bugun biz ko‘targan mavzu hamon e’tibordan chetda qolmoqda. Vaholanki, bu hayotiy eng zarur ehtiyojlaridan biri hisoblanadi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Tasvirchilar – Shohruz Abdurayimov, Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid