O‘zbekiston | 14:57 / 10.04.2023
36307
2 daqiqa o‘qiladi

Nurafshon shahri hokimi Muzaffar Soliyev ishdan olingan

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Soliyev uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri lavozimidagi faoliyati bilan bog‘liq ish yuzasidan tergovga jalb etilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyatining ma’muriy markazi bo‘lmish Nurafshon shahri hokimi Muzaffar Soliyev shahar kengashining qarori bilan o‘tgan hafta lavozimidan ozod etilgan. Ayni vaqtda uning o‘rniga vazifasini bajaruvchi qo‘yilgan. Bu haqdagi ma’lumotni Kun.uz'ga Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov tasdiqladi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, sobiq hokim ayni damda tergovga jalb etilgan bo‘lishi mumkin. Bunga sabab uning uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri lavozimida ishlab kelgan davri bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Bosh prokuratura bu haqda ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

Muzaffar Soliyev 2017 yil 5 iyuldan 2021 yil yanvarigacha uy-joy kommunal xizmatlar vaziri lavozimida ishlagan. U Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishdan keyin ishdan olingan edi.

2021 yil 15 yanvarda esa Nurafshon shahri hokimi lavozimiga tayinlagan.

Soliyev, shuningdek, faoliyati davomida mudofaa vazirining shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Mavzuga oid