Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Bu g‘alaba bilan faxrlanaman” - Saida Mirziyoyeva zo‘ravonlikka qarshi qonun imzolanganini ma’lum qildi
O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik rasman jinoyat deb e’lon qilindi. Xotin-qizlarni ta’qib qilish va ularga shilqimlik qilish uchun javobgarlik belgilandi. Jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslar muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilinmaydigan bo‘ldi. Shuningdek, pedofillar reyestri ham yuritiladi. Ayolni abort qilishga majburlaganlik uchun jazo og‘irlashtirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Mirziyoyeva bu muhim qonunning qabul qilingani bilan faollarni tabriklagan.
“Men ushbu g‘alaba bilan faxrlanaman va unda ishtirok etgan barchadan minnatdorman! Oldinda ushbu moddalar ishlashi va jamiyat o‘zgarishi uchun qiyin va uzoq yo‘l turibdi.
Men barcha davlat organlari, fuqarolik jamiyatlari, faollar va media – barcha-barchani bu jarayonga qo‘shilib, zo‘ravonlikka qarshi kurashning yagona mexanizmiga aylanishga chaqiraman. Zo‘ravonlik – jinoyat. Zo‘ravonlik – bizning madaniyatimiz emas!” – deya yozdi u Telegram-kanalida.
Eslatib o‘tamiz, bu qonun ustida bir guruh rasmiylar va jamoatchilik faollari ish olib bordi.
Hujjatdagi asosiy yangiliklardan biri – jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilinmaydi, ularning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilmaydi. Bunday jinoyatlar uchun jazo ham og‘irlashtirilyapti.
Bundan tashqari, nihoyat O‘zbekistonda ham pedofillarning reyestri yuritiladigan bo‘ldi. Bu reyestrga bolalarni zo‘rlagan shaxslar kiritiladi va ularga ta’lim sohasida ishlash taqiqlanadi. Ular nafaqat ta’limda ishlay olmaydi, umuman bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanishi man etiladi.
Yana bir muhim yangilik: jinsiy jinoyatlarga huquqiy baho berishda, zo‘rlangan shaxs necha yoshda ekanini zo‘ravon bilganmi yoki yo‘q degan lazeykali qoida chiqarib tashlanyapti. Ya’ni aybdor jabrlanuvchi necha yoshda ekanini bilmagan bo‘lsa ham, bu unga yengil jazo berish uchun sabab bo‘la olmaydi.
Shuningdek, bu qonun bilan oiladagi zo‘ravonlik jinoyat deb e’lon qilinyapti. Qolaversa, xotin-qizlarni ta’qib qilish va ularga nisbatan shahvoniy harakatlar qilganlik uchun birinchi marta javobgarlik belgilanyapti.
Yangi qonunda ayolni abort qilishga majburlash, nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, jinsiy aloqaga majburlash, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, pornografiya tayyorlash va tarqatish kabi jinoyatlar uchun jazolarni og‘irlashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
22:09 / 12.06.2026
Saida Mirziyoyeva Amir Temur haqidagi “Adolat fasli” spektakliga yuqori baho berdi
14:14 / 12.06.2026
Kanada ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
12:53 / 11.06.2026
Mashinada unutib qoldirilgan bog‘cha bolasi dimiqib vafot etdi. Bu Qashqadaryoda bir yil ichidagi ikkinchi shunday hodisa
15:12 / 09.06.2026