Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullandi.

Qonun bilan 5 ta kodeks va 10 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ulardan eng muhimlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Jinoyat kodeksida:

– ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlashni (115-modda) 60 mln so‘mgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolash taklif etilmoqda. Bu turdagi jinoyat uchun amalda 15 mln so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilangan;

– nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (118, 119-moddalar). 1-qismi uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi taklif etilyapti. Amalda 1-qismi 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi esa 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi;

– shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik uchun (121-modda) 1-qismi 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi og‘irlashtiruvchi holatlarda 5 yildan 8 yilgacha qamoq ozodlikdan mahrum qilish ko‘zda tutilmoqda. Amalda 1-qismida 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2-qismida 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilangan;

– 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda). Bu turdagi jinoyatni qilgan shaxs endilikda 1-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Amalda bu jinoyat 1-qismi 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;

– 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik uchun (129-modda) 1-qismi 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, 3-qismi – agar o‘sha harakatlar zo‘rlik ishlatib yoki qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazo belgilash taklif etilmoqda. Amalda 1-qismi 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2-qismi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilangan;