Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G7 Rossiyaning Ukrainadagi urushi tarafdorlariga ogohlantirish bilan chiqdi
Yaponiyada bo‘lib o‘tgan G7 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishidan so‘ng uchinchi davlatlar tomonidan Rossiyaga qurol yetkazib berishga qarshi ishlarni kuchaytirishga qaror qilindi. Vazirlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga va’da berdi.
«Yettilik guruhi» davlatlari Yaponiyaning Karuizava shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Rossiya va Xitoy agressiv harakatlariga qarshi aniq pozitsiyasini e’lon qildi. G7 tashqi ishlar vazirlari tomonidan 18 aprel, seshanba kuni qabul qilingan yakuniy bayonotga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar buning uchun «yuqori narx» to‘laydi. Uchrashuv ishtirokchilari «Rossiyaga uchinchi davlatlar tomonidan qurol yetkazib berilishi oldini olish bo‘yicha muvofiqlashtirishni kuchaytirishga» va’da berdi.
Sanoati darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Moskvaning Belarusda taktik yadro qurolini joylashtirish tahdidini keskin qoralab, uni «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi. «Rossiya tomonidan kimyoviy, biologik yoki yadroviy qurollardan har qanday foydalanish dahshatli oqibatlarga olib keladi», deyiladi hujjat matnida.
Shu bilan birga, G7 Ukrainadagi urush uchun sanksiyalarni yanada kuchaytirishga tayyorligini bildirdi. «Biz Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchliroq qilishda qat’iymiz», — deyiladi bayonotda. Yig‘ilish ishtirokchilari Rossiyani Ukrainadan barcha qo‘shinlarini zudlik bilan va so‘zsiz olib chiqib ketishga chaqirdi va Kiyevni mamlakatni qayta tiklashda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi.
G7 vakillari Pekin rasmiylarini Janubi-Xitoy dengizida keskinlikni qo‘zg‘atayotganlikda aybladi. «Xitoyning Janubi-Xitoy dengizidagi keng ko‘lamli da’volari uchun qonuniy asos yo‘q va biz Xitoyning mintaqadagi militaristik faoliyatini qoralaymiz», dedi ular ikki kunlik uchrashuvlardan so‘ng. Bayonotda, shuningdek, G7 davlatlarining Tayvanga nisbatan asosiy pozitsiyasi o‘zgarmasligi ta’kidlanadi.
G7 tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, bayonotida Shimoliy Koreyani yadroviy qurol yoki ballistik raketalarni har qanday sinovdan o‘tkazishdan tiyilishga chaqirdi. Ular Shimoliy Koreyaning yangi raketa sinovlariga «tezkor, birlashgan va hal qiluvchi xalqaro javob» bilan tahdid qilishdi.
«Katta yettilik» tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvi Xirosimada may oyida bo‘lib o‘tadigan G7 sammiti oldidan o‘tkazildi.