Jahon | 14:18 / 18.04.2023
11378
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyadan boshpana so‘ragan rossiyaliklar soni keskin oshdi

2023 yilning yanvar-mart oylarida rossiyaliklar Germaniyada 2,4 ming holatda boshpana so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa, o‘tgan yil davomida bu ko‘rsatkich deyarli 2,9 mingni tashkil etdi.

Foto: AP

Germaniyada Rossiya fuqarolaridan boshpana masalasida yo‘llangan murojaatlar soni keskin oshdi. Joriy yilning dastlabki uch oyida rossiyaliklar tomonidan 2381 ta dastlabki ariza topshirilgan bo‘lsa, o‘tgan yil davomida bu ko‘rsatkich 2851 tani tashkil etgan, deb xabar berdi Table.Media axborot xizmati 18 aprel, seshanba kuni Qochqinlar va migratsiya bo‘yicha federal idora ma’lumotlariga tayanib. 

Shu bilan birga, Rossiyadan boshpana izlovchilar orasida erkaklar ulushi ortdi: 2022 yilda ular 59 foizni, 2023 yil yanvar-mart oylarida esa 64 foizni tashkil etdi. Idora xodimlari bu o‘sishni o‘tgan yil sentabr oyida Ukrainaga davom etayotgan bosqin munosabati bilan Rossiyada e’lon qilingan safarbarlik bilan bog‘ladi. Bundan tashqari, federal idora 19-30 yoshdagi rossiyaliklarning arizalari soni sezilarli darajada oshganini qayd etdi. 

2022 yil uchun Germaniyadan boshpana so‘rash bo‘yicha dastlabki arizalar soni umumiy statistikasida rossiyaliklar Suriya, Afg‘oniston, Turkiya, Eron, Iroq va Gruziya fuqarolaridan keyin yettinchi o‘rinda turadi. 

Qochqinlar va migratsiya bo‘yicha federal idora vakilining Table.Media nashriga ta’kidlashicha, rossiyalik dezertirlar ham Germaniyadan boshpana so‘rashi mumkin. «Qoidaga ko‘ra, ular xalqaro himoyaga ega», dedi u. Shu bilan birga, harbiy xizmatdan bosh tortgan Rossiya fuqarolaridan Germaniyada boshpana olish uchun qancha ariza berilgani hali hisoblab chiqilmadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid