Navalniy Kara-Murzaning 25 yilga qamalganiga munosabat bildirdi
Rossiya muxolifati yetakchisi Kara-Murzaga chiqarilgan hukmni Rossiya «FSB» tomonidan sodir etilgan ikkita zaharlanishdan omon qolgani uchun o‘lmaganiga qasos deb hisoblaydi.
Vladimirdagi koloniyada jazoni o‘tayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi siyosatchi va publitsist Vladimir Kara-Murzaga chiqargan hukmni «noqonuniy va vijdonsiz» deb atadi. Navalniyning Vladimir koloniyasiga qarshi advokatning uni ko‘rishiga ruxsat bermaslik haqidagi da’vosidagi bayonotini siyosatchining hamkori Ivan Jdanov o‘zining Telegram-kanalida keltirgan.
«Unga berilgan jazo muddati - bu Rossiya «FSB» tomonidan sodir etilgan ikkita zaharlanishdan omon qolgani uchun o‘lmaganiga qasos. Rossiya «FSB» tomonidan sodir etilgani allaqachon isbotlangan», dedi Navalniy va Kara-Murza siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinayotganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
«Men uning sog‘lig‘idan juda xavotirdaman. Men uni ikkinchi zaharlanishdan keyin ko‘rganman va uning sog‘lig‘i deyarli yo‘qolganiga guvoh bo‘ldim», - deya ta’kidladi Navalniy.
Moskva shahar sudi muxolifatchi siyosatchi va publitsist Vladimir Kara-Murzaga nisbatan ayblov hukmini chiqardi. 17 aprel kuni u 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi: 7 yil - «harbiy feyklar» uchun, 3 yil - «nomaqbul» tashkilot faoliyatida ishtirok etgani uchun va 18 yil - davlatga xiyonat bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan.
10 aprel kuni so‘nggi so‘z bilan chiqish qilgan Kara-Murza «Rossiyani sevishini» va «hech narsadan afsuslanmasligini» aytdi. «Oxirgi so‘zda odatda oqlov haqida so‘rashadi. Jinoyat qilmagan odam uchun qonuniy hukm faqat oqlanish bo‘lardi. Lekin men bu suddan hech narsa so‘ramayman. Men hukmimni bilaman... Biroq shuni ham bilingki, kun keladi, yurtimiz ustidan zulmat tarqaladi; qora rang - qora, oq rang - oq deb ataladi; ikki karra ikki to‘rt ekani rasmiy darajada tan olinadi; urush - bu urush ekani ochiq aytiladi, uzurpator esa - uzurpator ekani ma’lum qilinadi; o‘shanda bu urushni to‘xtatmoqchi bo‘lganlar emas, balki bu urushni qo‘zg‘atganlar jinoyatchilar deb tan olinadi», dedi u.
Vladimir Kara-Murza 2022 yil 22 aprelda Moskvaning Basmanniy sudiga keltirilgandi. Sudya uni Rossiya armiyasi haqida «feyklar» tarqatganlikda ayblab, tergov izolyatoriga jo‘natdi. Bunga, taxminlarga ko‘ra, siyosatchining 2022 yil 15 mart kuni Arizona shtati Vakillar palatasida Ukrainadagi «turar joylar, shifoxonalar va maktablarga bomba tashlanganini» tilga olgan nutqi sabab bo‘lgan.
Hammasi bo‘lib, Kara-Murzaga Rossiya Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi - Rossiya Qurolli kuchlari haqida «feyk» ma’lumotlarni tarqatish haqidagi moddaga qo‘shimcha ravishda, davlatga xiyonat va «nomaqbul» tashkilot faoliyatiga aloqadorlik to‘g‘risida (siyosatchi «Otkrytaya Rossiya» harakatining koordinatori edi). Kara-Murzaning o‘zi qo‘yilgan ayblovlarning birortasi bo‘yicha ham aybini tan olmadi va unga nisbatan ta’qibni siyosiy motivga ega deb atadi.
Mavzuga oid
14:10 / 14.10.2024
Jahon OAV Navalniyning xotiralaridan parchalarni chop etdi
13:10 / 05.10.2024
«Dose»: Navalniy qo‘lini tekkizgan hamma narsa koloniyadan olib chiqib ketildi
23:25 / 03.10.2024
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga 280 dan ortiq nomzod ilgari surildi. Ular orasida Navalniy ham bor
10:45 / 30.09.2024