Jahon | 17:41 / 19.04.2023
5715
3 daqiqa o‘qiladi

Shtaynmayyer Varshavada natsistlarning qilmishlari uchun kechirim so‘radi

Foto: AP

Varshava gettosi qo‘zg‘olonining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbirida GFR prezidenti Germaniyaning tarixiy mas’uliyati va Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Yevropada yangi urush bo‘lmasligi kerak edi, dedi u. 

Varshava gettosi qo‘zg‘oloni boshlanganining 80 yilligi munosabati bilan Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Ikkinchi jahon urushi davrida yahudiylarning ta’qib va qirg‘in qilinishi uchun Germaniya mas’uliyatini yana bir bor ta’kidlab, kechirim so‘radi. «Bugun men sizning oldingizda turib, bu yerda nemislar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun kechirim so‘rayman», dedi u 19 aprel, chorshanba kuni Varshavada Polsha va Isroil prezidentlari Anjyey Duda hamda Itshak Gersog ishtirokidagi xotira tadbirida. U nemis xalqi bilan yarashgani uchun har ikki davlatga minnatdorchilik bildirdi. Shtaynmayyer so‘zlariga ko‘ra, bu «cheksiz qimmatbaho sovg‘a». 

«Nemislar Yevropa yahudiylarini, Varshava yahudiylarini shafqatsizlik va g‘ayriinsoniylik bilan quvg‘in qildilar, qulga aylantirdilar va o‘ldirdilar», dedi Germaniya prezidenti hamda natsistlar o‘z jinoyatlarini puxta rejalashtirib, amalga oshirganliklarini ta’kidladi. Unga ko‘ra, nemislar o‘z mas’uliyatini, omon qolganlar va o‘lganlar ular zimmasiga yuklagan vazifani bilishadi. «Biz nemislar uchun tariximiz bo‘yicha mas’uliyatning oxiri yo‘q. Bu bizning eslatmamiz hamda hozirgi va kelajakdagi vazifamiz bo‘lib qoladi», - dedi Shtaynmayyer. 

«Hech qachon!» - bu Germaniya tarixining eng muhim sabog‘idir hamda u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi kabi urush Yevropada hech qachon boshlanmasligi kerakligini anglatar edi, dedi Germaniya prezidenti. «Hech qachon - biz Polsha va boshqa ittifoqchilarimiz bilan birga Ukraina tomonida turibmiz, degani. Biz Ukrainani humanitar, siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaymiz», deb qo‘shimcha qildi Shtaynmayyer. 

1940 yilning kuzida nemis bosqinchilari tomonidan yaratilgan va 450 mingga yaqin odamni o‘z ichiga olgan Varshava gettosidagi qo‘zg‘olon bugungi kunda Ikkinchi jahon urushi davridagi eng yirik yahudiylar qarshiligi deb ataladi. 1942 yilda natsistlar yahudiylarni mehnat lagerlari va konslagerlarga surgun qilishni boshladi, faqat iyuldan sentabrgacha 250-280 ming kishi o‘g‘irlab ketilgan yoki o‘ldirilgan. 1943 yil 19 aprelda SS qo‘shinlari gettoga kirgan hamda zaif qurollangan yahudiylarning qo‘zg‘oloni boshlandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid