O‘zbekiston | 16:03 / 23.04.2023
23410
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda YPX mashinasidan qochgan Gentra skuter va Cobalt’ni urib yubordi

Qoidabuzarning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan.

Foto: Toshkent shahar YHXB matbuot xizmati

Toshkentda YPX xodimlari qoidabuzar haydovchini quvlagani natijasida bir nechta mashinalar shikastlangani haqida xabarlar tarqaldi. Poytaxt YHXB matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 22 aprel kuni soat taxminan 23:00 larda Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli—Muqumiy chorrahasida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektori xizmat olib borayotgan vaqtda 2001 yilda tug‘ilgan S.X. (haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan) boshqaruvida bo‘lgan Gentra’ga jyezl va hushtak yordamida to‘xtash ishorasini bergan, haydovchi YPX inspektorining qonuniy ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.

Haydovchining xatti-harakati xodimlarda shubha uyg‘otgan. Shundan so‘ng Cobalt xizmat mashinasida Gentra’ning orqasidan kuzatuv olib borilgan va maxsus avtomashinadagi ovoz kuchaytirgich orqali bir necha marta haydovchiga to‘xtash ishorasi berilgan. Haydovchi S.X. esa YPX inspektorlarining qonuniy talabini bajarmasdan Shota Rustaveli—Komil Yashin hamda Bog‘i Bo‘ston—Komil Yashin chorrahalarida svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmasdan, belgilangan me’yoriy tezlikni oshirib harakatlangan.

Komil Yashin—S.Sirojiddinov chorrahasiga kelganda Gentra ikkinchi darajali yo‘ldan chiqib, asosiy yo‘ldan kelayotgan skuterga yo‘l bermasdan to‘qnashib, Komil Yashin 1-tor ko‘chasidagi uy qarshisida yo‘l chetida to‘xtab turgan Cobalt’ga borib urilgan.

Foto: Toshkent shahar YHXB matbuot xizmati 
Foto: Toshkent shahar YHXB matbuot xizmati 

Kuzatuv ishlarini olib borayotgan YPX inspektorlari Yakkasaroy tumanida yashovchi, skuter haydovchisi — 2004 yilda tug‘ilgan Yu.A. hamda Gentra yo‘lovchisi — 2002 yilda tug‘ilgan I.S.ga birinchi yordam ko‘rsatib, tez tibbiy yordam xodimlari orqali yaqin atrofdagi shifoxonaga olib borishgan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (ma’muriy nazorat qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda. 

Mavzuga oid