08:55 / 24.04.2023
6055

AQSh Sudandagi elchixonasini evakuatsiya qildi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, AQShning Sudandagi elchixonasi barcha xodimlari evakuatsiya qilingan. AQSh prezidenti Jo Bayden Sudandagi qarama-qarshi tomonlarni zudlik bilan va hech qanday sharsiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: AFP

AQSh Sudandan Amerika elchixonasi xodimlari va ularning oilalarini evakuatsiya qildi. Bu haqda 23 aprel, yakshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi. Mamlakatning eng yirik harbiylashtirilgan guruhi – Tezkor harakat kuchlari (RSF) vakillarining so‘zlariga ko‘ra, amerikalik diplomatlar va ularning yaqinlari AQSh harbiy-havo kuchlarining oltita samolyoti bilan mamlakatdan olib chiqib ketilgan.

Bir kun avval muntazam armiya bosh qo‘mondoni va Sudanning amaldagi hukmdori Abdul Fattoh al-Burxon diplomatik vakillar va boshqa xorijiy fuqarolarni evakuatsiya qilishga rozi bo‘ldi. Muntazam armiyaga qarshi kurashayotgan RSF xavfsizlik kuchlari, o‘z navbatida, chet elliklarga Sudanni tark etish imkoniyatini berish uchun o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini tasdiqladi. Shunga qaramay, vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha oldingi kelishuvlar doimiy ravishda buzilib kelindi.

Sudandagi qurolli to‘qnashuv tufayli ko‘plab davlatlar o‘z fuqarolarini u yerdan olib chiqishga harakat qilmoqda. Evakuatsiyaga Xartum aeroporti atrofidagi shiddatli janglar to‘sqinlik qilmoqda, u ham urush maydoniga aylangan.

22 aprel kuni Saudiya Arabistoni 157 kishi - ham o‘z fuqarolari, ham xorijliklarni olib chiqib ketganini tasdiqladi. Iordaniya 300 kishini evakuatsiya qilish boshlanganini bildirdi.

Top