Ukraina: Moskva butun dunyoda barqarorlikni buzdi
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning fikricha, Rossiya Ukrainaga hujum qilib, insonparvarlikning asosiy tamoyillarini oyoqosti qildi. U Moskva bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazish imkoniyatini qat’iyan rad etdi.
Kiyevning fikricha, Rossiya nafaqat Ukraina va butun Yevropadagi tinchlikni, balki urush boshlanishidan oldin mavjud bo‘lgan dunyo tartibini ham buzdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 24 aprel, dushanba kuni Die Welt gazetasida chop etilgan maqolasida «Rossiya vahshiylik qilish orqali insonparvarlikning asosiy tamoyillarini yo‘q qildi», deb yozdi.
Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, Moskva barcha jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilmaguncha, haqiqiy tinchlik bo‘lmaydi. «Tinchlik belgisi ostida 21-asrga bo‘lgan umidlar Rossiyaning harakatlari bilan barbod bo‘ldi. Buning o‘rniga Rossiya bizni mustamlakachilik istilolari bilan kechgan uzoq 19-asrga qaytardi», dedi ukrainalik vazir.
«Bu urush mintaqadagi xavfsizlik ajralmas ekanligini ko‘rsatdi. Bitta tahdid - hamma uchun tahdid. Yevroatlantika xavfsizligi kelajagi Ukrainadagi jang maydonida hal qilinadi», - deydi Dmitriy Kuleba.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari Moskva va Kiyev o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini qat’iyan rad etdi. «Agar biz hozir xatoga yo‘l qo‘ysak va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni boshqa barcha potensial tajovuzkorlar uchun ogohlantirish sifatida mag‘lub etish o‘rniga, tajovuzkorligi uchun qandaydir tarzda mukofotlashga qaror qilsak, bu Ukraina, Yevropa va butun dunyo kelajagiga tahdid soladi», - deb ta’kidladi Kuleba.
Barqaror tinchlikka faqat Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarini tiklash orqali erishish mumkin. «Haqiqiy tinchlik xalqaro huquq homiyligida birlashgan tinchlik demakdir. O‘tgan asr tarixidan olingan saboqlardan ko‘rinib turibdiki, jahon hamjamiyatiga murosa emas, chinakam tinchlik kerak», - deya xulosa qildi Ukraina TIV rahbari.
Mavzuga oid
14:54
Kaya Kallas: Ukrainaning YeIga qo‘shilish bo‘yicha aniq yo‘li bor
11:47
Moskvada chaqiriluvchilarga Rossiyadan chiqib ketish taqiqlangani haqida xabar berildi
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56