Jahon | 11:18 / 27.04.2023
5933
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh generali: Ukrainaga qarshi hujum uchun qurol o‘z vaqtida beriladi

Harbiy texnikaning 98 foizdan ortig‘i allaqachon Kiyevga yetkazilgan, dedi amerikalik general Kristofer Kavoli. 

Foto: Global Look Press/dpa/Karsten Klama

Ukraina Qurolli kuchlari qarshi hujumni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qurollarni o‘z vaqtida oladi. Bu haqda 26 aprel, chorshanba kuni NATOning Yevropadagi ittifoqchi qurolli kuchlari oliy qo‘mondoni, amerikalik general Kristofer Kavoli ma’lum qildi

AQSh Kongressi Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qo‘mitasidagi eshituvlarida so‘zga chiqqan Kavoli va’da qilingan harbiy texnikaning 98 foizdan ortig‘i allaqachon Kiyevga yetkazilganini ta’kidladi. «Men ularga kerakli materiallarni yetkazib berganimizga qat’iy ishonaman va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yetkazib berishda davom etamiz», dedi u.

Kavolining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga 50 dan ortiq xalqaro donorlar tomonidan ko‘rsatilgan moddiy yordam mashg‘ulotlar bilan birga ukrainalik harbiylarning jang maydonidagi muvaffaqiyati uchun juda katta va hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.

«Qish mavsumida koalitsiyamiz Ukraina Qurolli kuchlariga Ukraina suveren hududining ayrim qismlarini himoya qilish va qaytarib olish uchun zarur imkoniyatlarni yaratib berdi», — deya ta’kidladi harbiy rahbar va ukrainalik sheriklar ko‘rsatilayotgan yordamdan muvaffaqiyatli foydalanayotganini qo‘shimcha qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid