Jahon | 10:02 / 27.04.2023
4263
3 daqiqa o‘qiladi

NATO bosh kotibi qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirishga chaqirdi

NATO arsenallari ko‘payishi alyansning tiyib turish va mudofaa qobiliyatini kuchaytirishi bilan birga, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish imkonini beradi, dedi Yyens Stoltenberg.

Foto: AP

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATOga a’zo davlatlarni qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga va zaxiralarni tezda to‘ldirishga chaqirdi. Bu “alyansning jilovlash va mudofaasini kuchaytirib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish imkonini beradi”, deya xabar qildi 26 aprel, chorshanba kuni NATO matbuot xizmati.

“Biz bugun oldinga va tezroq borish uchun shu yerga yig‘ildik”, dedi Stoltenberg NATO shtab-kvartirasida Milliy qurol-yarog‘ bo‘yicha direktorlar konferensiyasining (CNAD) ikki kunlik yig‘ilishini ochar ekan. Matbuot xizmati iqtibos keltirgan bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, “NATOga kerak bo‘lgan salohiyatni ta’minlash va sanoat bilan birgalikda ishlash” muhim.

Matbuot xizmati xabarida ta’kidlanganidek, yiliga kamida ikki marta yig‘iladigan CNAD'ning vazifasi "mos keladigan harbiy imkoniyatlarni taqdim etishda hamkorlikni ta’minlash"dir. “Bu NATO kuchlari har doim mavjud bo‘lgan eng ilg‘or imkoniyatlarga ega bo‘lishini kafolatlaydi”, - deyiladi xabarda.

Ukraina NATOdan mamlakatni alyansga qabul qilish bo‘yicha aniq qadamlar va «bu yo‘lda xavfsizlik kafolatlarini» kutmoqda, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20 aprel kuni Kiyevda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga izoh berar ekan, Zelenskiy unda ishtirok etish taklifi uchun minnatdor ekanligini, biroq «Ukraina ham tegishli taklifnoma olishi»ni muhim deb bilishini aytdi. «Ukrainani alyansga taklif qilish bo‘yicha siyosiy qarorlarga qarshi bo‘lgan birorta ham obektiv to‘siq yo‘q», — dedi Zelenskiy.

«Biz qadamlar kutmoqdamiz. Oldinga qadamlar. Bizga bugungi munosabatlarimiz formatidan ko‘ra ko‘proq narsa kerak. Ular bizni qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlayotganini juda qadrlaymiz. Lekin Ukraina qachon NATOda bo‘lishini tushunmoqchimiz. Bu yo‘lda xavfsizlik ham kafolatlanishi lozim», dedi prezident.

Mavzuga oid