Iqtisodiyot | 17:44 / 29.04.2023
49064
3 daqiqa o‘qiladi

“Qozog‘iston bu yo‘ldan qaytdi, biz ayni shu xatoni takrorlayapmiz” - iqtisodchi

1 maydan boshlab O‘zbekiston soliqchilari kartadan kartaga pul o‘tkazmalarini nazorat qila boshlaydi. Iqtisodchi Shuhrat Qurbonovning aytishicha, 2019 yilda Qozog‘istonda ham kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qilish masalasi ko‘tarilgan, lekin tanqidlardan keyin bu yo‘ldan qaytilgan. “Negadir biz ham shu xatoni takrorlayapmiz”, – deydi u.

“2019 yilda Qozog‘istonda ham fiskalizatsiya qilish, P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish masalasi ko‘tarildi. Qozog‘ictonda bu juda katta negativ olib keldi. Savdogarlarning o‘zi kartadan to‘lov qabul qilsa ham, chek berayotganini aytib chiqdi. Katta shovqin kelib chiqqanidan keyin, yil oxirigacha Moliya vazirligi bu fikridan qaytdi va bekor qilindi.

Moliya vaziri o‘rinbosari hisob-kitob natijalariga tayanib, naqdsiz to‘lovlarning 10 foizga oshishi real YaIMning 1 foizga oshishiga olib kelishini aytdi. Naqdsiz to‘lov bo‘lsin, P2P-o‘tkazma bo‘lsin, naqdsiz to‘lovlar raqamli izini qoldirib ketadi va YaIM o‘sishiga hissa qo‘shadi", – deydi Shuhrat Qurbonov Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Uning ta’kidlashicha, Soliq qo‘mitasi kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qilishdan oladigan foydasi buning ma’murchiligi xarajatlarini ham qoplamaydi.

“Qozog‘istonda ham ayni shuning uchun bu yo‘ldan qaytildi. Lekin negadir biz ham shu xatoni takrorlayapmiz. Savdo uchun bo‘lgan P2P o‘tkazmalarini zarur paytda aniqlash va chora ko‘rish mumkin, lekin naqd pulda izi qolmaydi, imkonsiz bo‘lib qoladi. Ya’ni yashirin iqtisodiyotning aylanmasini aniqlash mumkin P2P o‘tkazmalarida.

Hozirda kutilishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa – naqd pulga qaytish. Aholi nazorat qo‘rquvi bilan naqdga o‘tib ketish ehtimoli katta”, – deydi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, 1 maydan kuchga kiradigan tartib – barcha P2P o‘tkazmalar (komissiya haqi 0 so‘m bo‘lsa ham) bo‘yicha hisob-faktura rasmiylashtirilishi bo‘yicha e’tirozlarga Soliq qo‘mitasi shu paytga qadar javob bermay kelyapti. Qo‘mita rasmiylari Kun.uz'ning shu mavzudagi ko‘rsatuvda ishtirok etish taklifini rad etgan.

Mavzuga oid