Jahon | 10:43 / 29.04.2023
9479
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi bo‘yicha murosaga erishdi

Bryussel va Sharqiy Yevropaning 5 ta davlati Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini cheklash va mahalliy fermerlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldilar, dedi Yevrokomissiya rahbari o‘rinbosari Dombrovskis.

Foto: Shutterstock

Yevropa Komissiyasi Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilish masalasida Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya va Slovakiya bilan murosaga erishdi. Bu haqda 28 aprel, juma kuni Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Valdis Dombrovskis ma’lum qildi.

Shunday qilib, Ukraina bug‘doyi, makkajo‘xori va kungaboqar urug‘lariga nisbatan "alohida himoya choralari" joriy etiladi, dedi Dombrovskis. U ularning mohiyatini tushuntirmadi, biroq, Politico'ning Yevropa Ittifoqi diplomatlari bo‘lgan suhbatdoshlari, gap bu mahsulotlarni Yevropa Ittifoqining beshta davlati hududiga olib kirishni taqiqlash haqida ketayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, YeI hamjamiyatga a’zo beshta davlatda jabrlangan fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million yevro ajratadi.

Shu bilan birga, Sofiya, Budapesht, Varshava va Bratislava Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga qo‘yilgan bir tomonlama embargolarni bekor qiladi. Ruminiya bunday cheklovlarni o‘rnatmagan.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen murosaga erishilganini olqishladi. Kelishuv Ukrainaning dunyoni oziqlantirishda davom etishiga imkon beradigan eksport imkoniyatlarini ham, yevropalik fermerlarning tirikchiligini ham saqlab qoladi, dedi fon der Lyayyen.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid