O‘zbekiston | 10:50 / 02.05.2023
8008
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda soxta huquqni himoya qiluvchi idora xodimi ushlandi

U o‘zini huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi deb tanishtirgan va shifokorni qo‘rqitib, undan 2 ming dollar olgan

Samarqandda o‘zini huquqni himoya qiluvchi idora xodimi deb tanishtirgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 18 aprel kuni Ishtixon tumanida yashovchi 62 yoshli I.B. IIBga ariza bilan murojaat qilib, o‘zini qo‘rqitib tovlamachilik qilgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Arizachiga ko‘ra, 18 aprel kuni noma’lum shaxs Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasi “Shoshilinch xirurgiya” bo‘limida navbatchilik qilib turgan shifokor I.B.ning oldiga borib, o‘zini Samarqand viloyati Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimi deb tanishtirgan.

So‘ng qo‘lida shifokor fuqarolarni davolagani evaziga moddiy manfaatdor bo‘lib kelgani haqida yetarli dalillar mavjudligini aytib, tegishli tartibda chora ko‘rish bilan qo‘rqitib, undan 2000 AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida o‘zini Samarqand viloyati Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimi deb tanishtirgan shaxs aslida Ishtixon tumanida yashovchi, Samarqand shahrida joylashgan mahallalarning birida ishlovchi 28 yoshli R.S. ekani aniqlanib, undan 2000 dollar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid