O‘zbekiston | 07:39 / 03.05.2023
8876
1 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qildi

2 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va amaliy hamkorlikning ustuvor loyihalarini ilgari surish masalalari  ko‘rib chiqildi.

Turkiya yetakchisi davlat rahbarini Konstitutsiya islohoti bo‘yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan qutlab, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Suhbatda mamlakatda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston rahbari Turkiya yetakchisiga joriy yilning may oyi o‘rtasida bo‘lajak prezident saylovida muvaffaqiyatlar tiladi.

Mavzuga oid