Jahon | 14:07 / 03.05.2023
7329
2 daqiqa o‘qiladi

Sudanda yetti kunlik otashkesim haqida kelishuvga erishildi

Tezlik bilan yomonlashayotgan humanitar vaziyat Sudanda keskinlikni pasaytirishni zudlik bilan talab qilmoqda, deya ma’lum qildi rasmiy Juba. Mojaro tomonlari 4 maydan 11 maygacha sulh rejimiga kelishib oldi.

Foto: Marwan Ali/AP/dpa

Sudan armiyasi rahbariyati va unga qarshi bo‘lgan Tezkor harakat kuchlari 4-11 may kunlari yetti kunlik otashkesimga kelishib oldi. Bu haqda Janubiy Sudan tashqi ishlar vazirligining 2 may, seshanba kuni tarqatgan bayonotida aytiladi.

Kelishuvga Janubiy Sudan prezidenti Salva Kiir mintaqaviy tashkilot - Hukumatlararo taraqqiyot agentligi (IGAD) vakili sifatida vositachi sifatida qatnashganidan bir necha kun o‘tib erishilgan.

Tezlik bilan yomonlashayotgan humanitar vaziyat mojaroning keskinligini pasaytirishni zudlik bilan zaruratga aylantirmoqda, deyiladi bayonotda. 15 aprelda harbiy harakatlar boshlanganidan beri 72 soatlik otashkesim bir necha bor kelishilgan, biroq natijada ko‘plab qonunbuzarliklar qayd etilgan.

O‘tgan hafta oxirida Sog‘liqni saqlash vazirligi to‘qnashuvlarda 530 ga yaqin kishi halok bo‘lgani va 4600 ga yaqin odam yaralanganini ma’lum qildi. Biroq, haqiqiy ko‘rsatkichlar ancha yuqori bo‘lishi mumkin, deydi ekspertlar.

Shu bilan birga, BMT Xalqaro migratsiya tashkiloti zo‘ravonliklarning yangi avj olishi boshlanganidan beri Sudanda kamida 334 000 kishi ichki ko‘chirilganini ma’lum qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining Sudan bo‘yicha maxsus vakili Folker Pertesning 1 may kuni aytishicha, Sudandagi mojaro tomonlari o‘z vakillarini Saudiya Arabistonida bo‘ladigan muzokaralarga yuborishga kelishib olgan.

Mavzuga oid