Jahon | 14:45 / 03.05.2023
6647
3 daqiqa o‘qiladi

Texasda besh kishini o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan shaxs ushlandi

Politsiya Hyuston yaqinida 29 aprelga o‘tar kechasi bog‘da o‘q uzishni to‘xtatishni so‘ragan besh qo‘shnisini otib o‘ldirgan 38 yoshli gumonlanuvchining qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Fransisko O / Foto: Montgomeri okrugi

Texasda bir necha kun oldin sodir bo‘lgan besh kishining o‘ldirilishidan so‘ng politsiya jinoyatchini qo‘lga oldi. 2 may, seshanba kuni kechqurun San-Xaksinto okrugi sherifi Greg Kapers jurnalistlarga kelib chiqishi meksikalik bo‘lgan erkak ushlanganini aytdi.

Yuzlab huquq-tartibot xodimlari tomonidan qidirilgan 38 yoshli gumonlanuvchi Hyuston shimolida qo‘lga olingan, u kiyim shkafida yashiringan. FQB xodimi Jimmi Pol so‘zlariga ko‘ra, ular telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng gumonlanuvchini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Montgomeri okrugi ma’murlari, o‘z navbatida, gumondor hududda qo‘lga olinganini, jarayon boshqa hech qanday hodisalarsiz sodir bo‘lganligini ma’lum qildi.

Fojia Klivlend chekkasida 28 apreldan 29 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Xabar qilinishicha, qo‘shnilar o‘z hovlisida AR-15 yarim avtomatik miltig‘idan o‘q uzgan erkakdan uyqularini buzgani uchun shovqin qilishni to‘xtatishni so‘rashgan. Shundan so‘ng u ularning uyiga bostirib kirib, uy ichida otishma boshlagan. Natijada u besh kishini, jumladan sakkiz yoshli bolani otib tashlagan. Xabar qilinishicha, hujum qurboni honduraslik oila bo‘lib, eng yoshi kattasi 31 yoshda bo‘lgan, barcha qurbonlarning boshiga o‘q uzilgan. Hammasi bo‘lib uyda 10 kishi bo‘lgan, biroq qolgan besh kishi jabrlanmagan.

Politsiya hujumchining shaxsini aniqlaganini aytdi. Taxminlarga ko‘ra, u 38 yoshli Fransisko O. Sherif so‘zlariga ko‘ra, erkak spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgan va hali ham qurollangan bo‘lishi mumkin. Jinoyatchining qidiruv radiusi 10 milyadan 20 milyagacha (16 kmdan 32 kmgacha) kengaytirildi. Qidiruvlar uchuvchisiz uchish apparatlari va maxsus o‘qitilgan itlar yordamida o‘tkazildi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi 2009 yildan beri kamida to‘rt marta AQShdan deportatsiya qilingan.

Mavzuga oid