Jahon | 11:30 / 04.05.2023
4649
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya terrorizmga qarshi qonunlarni kuchaytirdi

Shvetsiya terrorizmga qarshi qonunchilikni kuchaytirdi, bu qadamdan maqsad - mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi uchun Turkiya roziligini olish.

Foto: Shutterstock

Shvetsiya parlamenti terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha mamlakat qonunlarini qat’iylashtirishga oid tuzatishlar kiritdi. AP agentligining 3 may, chorshanba kuni xabar berishicha, bu chora Turkiyani mamlakatning NATOga kirishini ma’qullashga ko‘ndirishiga yordam berishi kutilmoqda.

Parlament a’zolari, agar ayblanuvchi qo‘llab-quvvatlash yoki targ‘ibot qilish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ekstremistik tashkilot faoliyatida qatnashgani uchun jazo muddatini to‘rt yilgacha uzaytirishga ovoz berdi. Agar tashkilot a’zosi og‘ir jinoyatda ayblangan bo‘lsa, muddat sakkiz yilgacha uzaytirilishi mumkin. 

Yana bir tuzatish terrorchi tashkilot yetakchisi deb tan olingan shaxsni umrbod qamoq jazosiga hukm qilishga imkon beradi, bu Shvetsiyada amalda 20-25 yillik qamoq muddatini anglatadi, deb yozadi AP. Bundan tashqari, qonun terrorchilik tashkilotlarini moliyalashtirish, ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish va omma oldida targ‘ib qilishni taqiqlaydi. Bunday tashkilotga a’zo bo‘lish uchun chet elga chiqish ham noqonuniy bo‘ladi. 

Tuzatishlar 1 iyundan kuchga kirishi kerak. Ularga 268 deputat ovoz berdi, 34 nafari qarshi chiqdi. 

Mavzuga oid