Jahon | 18:27 / 05.05.2023
37217
6 daqiqa o‘qiladi

Prigojin «Vagner» 9 maydan keyin Baxmutdan ketishini e’lon qildi

Prigojin bu qaroriga snaryad yetishmovchiligini sabab qilib keltirgan.

Foto: Prigojinning matbuot xizmati

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin jangchilari 10 may kuni Baxmutdagi pozitsiyalarini Rossiya mudofaa vazirligining Donetskdagi guruhiga topshirib, yollanma jangchilar guruhi Baxmutdan olib ketilishini ma’lum qildi. 

«Men «Vagner» bo‘linmalarini Baxmutdan olib ketaman, chunki o‘q-dorilarsiz ular o‘lib ketishi muqarrar holatda turibdi», degan Prigojin Rossiya harbiy qo‘mondonligi, Rossiya prezidenti va Rossiya xalqiga murojaatida. Bayonot Prigojin axborot xizmati sahifalarida e’lon qilindi.

«2023 yil 9 may kuni biz Baxmutni olishimiz kerak edi. Ammo shuni bilgan holda byurokratlar 1 maydan buyon bizga artilleriya o‘q-dorilarini deyarli bermay qo‘yishdi. Bizning hujumga mo‘ljallangan qurollarimiz aprel oyi boshidayoq tugab bo‘lgan, lekin biz shunga va dushman kuchlari bizdan besh baravar ko‘p ekaniga qaramay, hujum qilishda davom etdik. O‘q-dori yetishmasligi sabab yo‘qotishlarimiz kundan kunga geometrik progressiyada o‘sib bormoqda.

Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, «Vagner» qo‘mondonlar kengashi rossiyaliklar uchun muqaddas bayram bo‘lmish 9 may – G‘alaba kunini rus qurolining zalvori bilan kutib olish maqsadida 10 maygacha hujumni davom ettirishga qaror qildi.

Bosh shtab qo‘mondoniga, Rossiya mudofaa vaziriga, oliy bosh qo‘mondonga va Rossiya xalqiga murojaat qilaman. «Vagner» qo‘mondonligi va jangchilari nomidan murojaat qilib aytamanki, biz 2023 yil 10 may kuni Baxmutdagi pozitsiyalarni mudofaa vazirligiga topshirishga majburmiz. Qolgan vagnerchilarni esa davolanish uchun lagerlarga olib boramiz. «Vagner» bo‘linmalarini olib ketaman, chunki ular o‘q-dori yetishmayotgan bir vaqtda maqsadsiz o‘limga mahkumdirlar.

Ha, meni tanqid qiladiganlar bo‘ladi. Bir muddat o‘tgach aqllilar topilib, Baxmutdan ketmaslik kerak edi, deydi. Agar shunday o‘ylasangiz, marhamat, kelib qo‘lingizga qurol oling va bizning o‘ldirilgan jangchilarimiz o‘rniga jang qiling.

Bir narsani ta’kidlamoqchiman, Baxmutdagi 45 kvadrat kilometrdan atigi 2,5 km qolgandi. Bizga qurol bermaslik orqali siz bizni emas, Rossiya xalqini g‘alabadan mahrum qilyapsiz», degan Prigojin o‘z chiqishida.

«Vagner» asoschisining aytishicha, Rossiya mudofaa vazirligi bo‘linmalari Baxmutdagi qanotlarda katta qiyinchilik bilan o‘z pozitsiyalarini egallab turibdi va u yerda jang qilayotgan askarlar soni oshirib ko‘rsatilgan.

«Bizning qanotlarni himoya qilishi kerak bo‘lgan mudofaa vazirligi bo‘linmalari o‘z pozitsiyalarini qiyinchilik bilan ushlab turibdi. U yerda jang qilayotgani aytilgan askarlar soni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Qo‘shib yozish avj olgan. U yerda aytishayotganidek o‘n minglab emas bir necha yuz askar bor.

Rossiya mudofaa vazirligi snaryadlar bilan bog‘liq muammo yo‘qligini aytmoqda. Lekin «Vagner»da snaryadlar yetishmovchiligi 90 foizga yetgan. Shtab boshlig‘idan «Vagner»ga pozitsiyalarni mudofaa vazirligi bo‘linmalariga topshirish bo‘yicha buyruq yuborishini so‘rab qolaman. Ular qaysi sanadan biz bilan o‘rin almashishga tayyorligini bilishimiz kerak», degan «Vagner» rahbari.

Avvalroq Prigojinning axborot xizmati uning jasadlar fonida qilgan murojaatini e’lon qilgan, videoda Prigojin Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovni ochiqchasiga haqorat qilgani aks etgandi. Prigojin ancha vaqtdan buyon o‘q-dori yetishmovchiligidan nolib videolar qilib keladi.

  • Baxmut shahri Donbassdagi muhim transport bog‘lami hisoblanadi. 2016 yilgacha shahar Artyomovsk deb atalgan va ruslar uni hamon shunday atab keladi. Ukraina Baxmut orqali Kramatorsk, Slovyansk, Seversk va Toretsk kabi shaharlarga yo‘l ochilishi bois shahar mudofaasini katta kuch bilan ushlab kelmoqda.
  • Rossiya armiyasi 2022 yil may oyida Baxmutni bombardimon qilgandi. O‘tgan yil yozga kelib esa Prigojin boshliq «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari shaharni shturm qilishga kirishdi. Bir necha oydan buyon Rossiya – Ukraina urushida frontning eng qaynoq nuqtasi aynan Baxmut bo‘lib turibdi. 2023 yil aprel oyida Prigojin uning guruhi shaharning 90 foizini nazorat qilayotganini aytgandi.
  • Apel oyi oxiriga kelib esa Prigojin o‘q-dori taqchilligi tufayli guruhini Baxmutdan olib ketishini aytib, Rossiya qo‘mondonligiga tahdid qila boshladi. Amerikadagi Urushni o‘rganish instituti ekspertlari taxmin qilishicha, Prigojin Baxmutdagi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning qarshi hujumiga dosh bera olmasligini chamalagan holda shu tariqa shaharni tark etishga bahona izlamoqda.
Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid