Jahon | 11:04 / 05.05.2023
6174
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Moldova va Gurjiston armiyalariga yordam beradi

Moldova va Gurjistonning mudofaa qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa Ittifoqi Yevropa tinchlik jamg‘armasidan yana o‘n millionlab yevro ajratadi.

Foto: CNN

Yevropa Ittifoqi Moldova Respublikasi Qurolli kuchlari va Gurjiston Mudofaa kuchlariga Yevropa tinchlik jamg‘armasidan (YeTJ) yordam ko‘rsatadi. Bunday qaror Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan 4 may, payshanba kuni ushbu mamlakatlarning milliy xavfsizligi va mudofaa barqarorligini oshirish maqsadida qabul qilindi. "Biz ularning mudofaa sektorlarini mustahkamlashga va YeI harbiy missiyalari va operatsiyalarida ishtirok etish qobiliyatini yaxshilashga yordam beramiz. Bu ikkala mamlakat uchun YeTJ uchinchi yordam paketi bo‘lib, Yevropa Ittifoqining mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka sodiqligini yaqqol ko‘rsatib turibdi", dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Moldovaga havo hududini kuzatish, transport, logistika, qo‘mondonlik, nazorat va kibermudofaa uchun uskunalarni moliyalashtirishga 36 oy davomida 40 million yevro ajratiladi. Moldova armiyasining bo‘linmalarini ta’minlash, zarurat tug‘ilganda texnik tayyorgarlik uchun ham mablag‘ ajratiladi.

Bryusselda xabar qilinganidek, bu Kishinyovning 6 fevraldagi so‘roviga javobdir. 2022 yil iyun oyida YeI Kengashi unga 40 million yevro, 2021 yil dekabrida esa 7 million yevro miqdorida xuddi shunday yordam taqdim etgan edi.

Shuningdek, Gurjistonga 36 oy ichida 30 million yevro ajratilib, noharbiy uskunalar – muhandislik, qo‘mondonlik-nazorat, tibbiy, logistika va kibermudofaa, shuningdek, Gurjiston armiyasi ta’minoti, texnik tayyorgarlikni o‘tkazish uchun mablag‘ ajratiladi.

Yordam 8 fevral kuni Gurjiston tomonidan so‘ralgan. 2021 va 2022 yil dekabr oylarida YeI Kengashi Tbilisiga mos ravishda 12,75 million va 20 million yevro ajratdi.

Joriy yordam Moldova va Gurjiston armiyalarining operativ samaradorligini oshirishga, shuningdek, ularni Yevropa Ittifoqi standartlariga moslashtirishga ko‘zda tutilgan, “bu inqiroz va favqulodda vaziyatlarda tinch aholini yaxshiroq himoya qiladi”, deya ma’lum qildi Bryussel. Shuningdek, chora-tadbirlar ushbu mamlakatlar armiyalarining Yevropa Ittifoqi harbiy missiyalari va undan tashqaridagi operatsiyalarida ishtirok etish salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid