Jahon | 19:25 / 06.05.2023
11104
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh 2026 yilgacha «suvosti kosmik stansiyasini» quradi

Keyinchalik sayyohlarga «suvosti kosmik stansiyasi»da yashashga ruxsat beriladi.

Foto: Fabien Cousteau

AQSh Okean va atmosfera tadqiqotlari milliy boshqarmasi (NOAA) va Proteus Ocean Group xususiy kompaniyasi Proteus «suvosti kosmik stansiyasi»ni qurishga kelishib oldi. Loyihani 2026 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

Bu 610 kv.m. maydonga ega dumaloq, ikki qavatli inshoot bo‘ladi. U Karib dengizidagi Kyurasao orolidan taxminan 20 metr chuqurlikda o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Stansiya ichida tadqiqot va tajribalar uchun laboratoriyalar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va xodimlar uchun turar-joy binolari bo‘ladi.

Shuningdek, oziq-ovqat yetishtirish uchun birinchi suvosti issiqxonasi va Xalqaro kosmik stansiyasidagi kabi striming, taqdimotlar va onlayn media intervyu xonasini barpo etish rejalashtirilgan.

Proteus shamol, quyosh va okean issiqligidan quvvat oladi. Stansiyada 12 nafargacha olim yashashi mumkin. NOAA vaqt o‘tishi bilan uni sayyohlar uchun ham ochishini istisno qilmaydi.

Proteus loyihasining rivojlanishi birinchi marta 2020 yilda ma’lum bo‘lgan. Shu bilan birga, bu 1986 yilda foydalanishga topshirilgan 122 kv.m. Aquarius suvosti laboratoriyasining zamonaviy va kattaroq versiyasi bo‘lishi xabar qilingan edi. Ushbu stansiya AQSh janubi-sharqidagi Florida-Kis sohilida joylashgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid