Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush Rossiya hududiga ham ko‘chdi
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yilu ikki oydan oshdi. Urush 2022 yilning 24 fevralida boshlangan edi. Bugunga kelib, bu “cho‘zilib ketgan urush”ga aylandi.
“Cho‘zilib ketgan urush” (rus tilida “zatyajnaya voyna”) – tarixda juda ko‘p kuzatilgan. Urushning cho‘zilib ketishi, ikki tomonni ham juda holsizlantiradi. Harbiylar, armiyalar holdan toyib, urush partizanlik ko‘rinishiga ko‘chib boshlaydi.
Urushning cho‘zilib ketishiga sabab – tomonlar o‘rtasidagi kuch-qudrat o‘rtasida katta farqning yo‘qligi, yoki tomonlardan biri tashabbusni qo‘liga olib, qarshi tomonni ruhan va harbiy yenga olmasligi natijasida paydo bo‘ladi.
Urushning boshida “Ukraina uzoqqa bormaydi” degan qarash juda kuchli edi. Lekin oradan yarim-bir oy o‘tib, “Rossiya – dunyoning ikkinchi qudratli armiyasi” degan qarash afsonaga chiqa boshladi. Dunyo hamjamiyatining Rossiya va uning qudrati borasidagi tasavvurlari o‘zgardi.
Partizanlik urushi – dunyo tarixidagi eng qadimiy usullardan biri. Bunda, tomonlar ochiq to‘qnashmaydi; partizanlar aholi ichida yashirinib yotib, pistirma uyushtiradi yoki joylarda uzoq vaqt yashirinib, kutilmaganda qarshi tomonga va uning infrastrukturasiga zarba beradi.
Aytish kerakki, bugungi kunda ikkala taraf ham juda agressiv axborot-psixologik urushi olib bormoqda. Urushda, dushman tarafni yo‘qotishdan ko‘ra, uni ruhan sindirish, qo‘rqitish muhimroq. Rossiya doim “kerak bo‘lsa taktik yadro qurolini ishlatamiz” desa, Ukraina tarafi “may oyidan boshlab yerlar quriydi, qayta hujumga o‘tamiz” demoqda.
Bu fikrlar, albatta, ikkala tarafni ham asabiylashtiradi. Chunki urushda yutqazayotgan Rossiyani ta’bir qilish qiyin. Ko‘plab tahlilchilar Kreml taktik yadro qurolidan qo‘rqitish maqsadida foydalanishi mumkinligini aytgan.
Ukrainaga ham Kollektiv G‘arb tomonidan ancha kuchli qurol-aslahalar berildi. Buni Rossiya biladi va tashabbus Ukraina tarafiga to‘liq o‘tishi Kremlni xavotirga solmoqda.
O‘tgan 2022 yilda, Moskva Ukraina ustidan g‘alabasini 9 may kunigacha qo‘lga kiritish niyatida ekanini aytgan edi. Bu yil esa vaziyat mutlaq teskarisi. Ukraina 9 mayda Rossiyaga qarshi keng qamrovli xujumlarni amalga oshirishi mumkin.
Keyingi bir haftada, Rossiyaning bir qancha Ukraina bilan chegaradosh hududlarida, Moskva va Sankt Peterburg shaharlarida, bir qancha qo‘poruvchilik amaliyotlari yuz berdi. Xalqaro tilda bu amaliyotlar “diversiya” deyiladi. Diversiya bu – maxsus yashirin amaliyot bo‘lib, dushman tarafga, uning infrastrukturasiga, muhim obektlariga yoki reputatsiyasiga jiddiy zarba berishga aytiladi.
Hujum qilingan obektlar – transport-logistika infratuzilmasi, neftni qayta ishlash zavodlari, omborlari va boshqa muhim obektlar. Lekin eng asosiy hujum obekti bu – Kremlning Senatorlar zali qubbasi bo‘ldi. Bu masalada “Kremlga hujumni Rossiyaning o‘zi uyushtirgan bo‘lishi mumkin, maqsad – ommaviy safarbarlik uchun jamiyatni tayyorlash” degan qarash keng yoyildi, lekin mening nazarimda, bu hujum orqali Rossiyaning mudofaa tizimiga bo‘lgan ishonchga jiddiy jarohat yetdi.
Ukraina bu hujumlarga aloqasi yo‘qligini ko‘p bor takrorladi. Urush qoidalariga ko‘ra, axborot-psixologik hujumlar qoidalariga ko‘ra, Ukrainaning bu hujumlarda qo‘li bormi-yo‘qmi, u buni inkor etishi kerak edi. Inkor etdi.
Vaziyat shundayki, urush Ukraina hududidan chiqib, Rossiyaning chegaradosh va muhim nuqtalariga yetib keldi. Aslida, Ukrainada juda samarali partizanlik urushi olib borish imkoniyatlari bor. Ukrainlar, tashqi ko‘rinishidan, ruslardan farq qilmaydi. Ularni tashqi ko‘rinishidan, gapirishidan ruslardan farqlash imkonsiz.
Shuning uchun ham, Rossiya hududlaridagi diversiyalar – Moskva uchun juda qo‘rqinchli xabar bo‘lishi aniq. Agar bu kabi diversiyalar ko‘paysa, kengaysa – bu Rossiya ichidagi siyosiy parokandalikni kuchaytiradi, hokimiyatni beqarorlashtiradi.
Ukrainadagi urushda, Rossiya o‘zining ma’naviy haqligini himoya qila olmay qoldi. Kremlning dalillari, qarashlari, g‘oyalari bugun eng ashaddiy shovinist ruslar uchun ham o‘z jozibasini yo‘qotib boshlagan. Urushning Rossiya ichkarisiga o‘tishi – eskalatsiyaning, tomonlar zo‘riqishining yangi bosqichini anglatadi.
Rossiya oldida turgan og‘ir tanlov yaqinlashmoqda: yoki mag‘lubiyatni tan olish va siyosiy tizim bankrotligini e’lon qilish, yoki Ukrainani, Kollektiv G‘arbni chekintirish maqsadida, qo‘rqinchli qurollarni ishga solish...
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos