Jahon | 13:58 / 09.05.2023
8500
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kiyevga 1,2 mlrd dollarlik harbiy yordam paketini tayyorlamoqda

Foto: Reuters

Ukrainaga Amerika yordamining yangi katta paketi oylar va hatto yillar uchun mo‘ljallangan. U Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish uchun uskunalar yetkazib berishni o‘z ichiga oladi.

AQSh Ukraina hududiga Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlari va raketa hujumlari davom etayotgan bir paytda, Ukrainaga havo mudofaasini kuchaytirish uchun 1,2 milliard dollarlik yangi uzoq muddatli harbiy yordam paketini taqdim etadi. Bu haqda 8 may, dushanba kuni kechqurun AP agentligi Amerika ma’muriyatidagi manbalarga tayanib xabar berdi.

Ushbu paketning taqdim etilishi, ehtimol, 9 may kuni e’lon qilinadi. Harbiy yordam Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) doirasida ko‘rsatiladi.

Pentagon omborlaridan Kiyevga tez-tez yuboriladigan Amerika texnika, qurol va o‘q-dorilaridan farqli o‘laroq, yangi moliyaviy yordam paketi uzoq muddatda Ukrainaning xavfsizlik ehtiyojlarini qondirish uchun oylar va hatto yillar davomida sarflanadi.

Vashington tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga Ukraina uchun HAWK havo mudofaa tizimlari, raketalar, artilleriya snaryadlari, uchuvchisiz samolyotlar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari xarid qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, turli texnikalarga doimiy texnik xizmat ko‘rsatish va unga ehtiyot qismlar xarid qilish ham moliyalashtiriladi.

Yangi paketni hisobga olgan holda, Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi boshlanganidan beri Kiyevga berilgan harbiy yordamning umumiy miqdori qariyb 37 milliard dollarni tashkil qiladi.

Ukrainaning Rossiya qo‘shinlariga qarshi bahorgi hujumga tayyorgarlik ko‘rishi fonida Kiyevga navbatdagi harbiy yordam tayyorlanmoqda. AP agentligining qayd etishicha, Ukraina havo hujumidan mudofaa sohasida hamon muammolarni boshdan kechirmoqda.

Mavzuga oid