Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy maxsus vakili Ukraina va Rossiyaga boradi
Ukraina inqirozini hal qilish doirasida Yevropaga safari davomida Li Xuey Ukraina, Polsha, Fransiya, Germaniya va Rossiyaga tashrif buyuradi.
Xitoy hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey 15 may, dushanba kuni Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urushda “tinchlik muzokaralariga ko‘maklashish” maqsadida Ukraina, Rossiya va Yevropa davlatlariga tashrifini boshladi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Xitoy diplomati safari davomida Polsha, Fransiya va Germaniyaga ham boradi.
Li Xueyning tashrifi “Xitoyning muzokaralarga ko‘ndirish va yordam berishga sodiqligini yana bir ifodasi bo‘lib, Xitoy qat’iy tinchlik tarafdori ekanini to‘liq ko‘rsatadi”, dedi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin brifingda.
Aprel oyi oxirida Xitoyning Rossiyadagi sobiq elchisi Ukrainadagi inqirozni hal qilish uchun Xitoy delegatsiyasiga rahbarlikni o‘z bo‘yniga oldi. Li Xuey 2022 yil fevralida Rossiya harbiy bosqinidan keyin Ukrainaga tashrif buyuradigan eng yuqori martabali xitoylik amaldorga aylanadi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi uning safari uchun batafsil jadvalni taqdim etmadi. Biroq, Reuters agentligining masaladan xabardor manbalarga tayanib yozishicha, Ukraina bu turning birinchi bekati bo‘ladi.