Sport | 12:57 / 16.05.2023
27029
3 daqiqa o‘qiladi

Artur Guliyev - kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon kubogi g‘olibi

Vengriyaning Seged shahrida o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon kubogi O‘zbekiston jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Artur Guliyev 200 metrga kanoeda eshkak eshish dasturida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Bugun, 16 may kuni chempion Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

«Ajoyib hissiyotlar. Jiddiy kurash bo‘ldi — jahon va olimpiya chempionlari ham bor edi. Aynan oltin medal bilan qaytganimiz xursand qiladi. Bu — katta muvaffaqiyat. Harakatdan to‘xtamasligimiz kerak», — deydi Guliyev Kun.uz bilan intervyuda. 

Baydarka va kanoe bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Ponomaryov bu turnir Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini bajarishini ta’kidladi: «Musobaqada sportchilarimizni tekshirib oldik. Asosiy maqsadimiz — Osiyo o‘yinlari, Italiya va Germaniyadagi jahon chempionatida sovrindorlar qatoridan o‘rin olish. 

70ga yaqin mamlakatdan sportchilar ishtirok etishdi. Oltin medal bilan qaytganimiz yoqimli. Bu — birinchi bosqich. Ikkinchi bosqichda boshqa sportchilarimizdan ham foydalanamiz. Barcha shogirdlarimda potensial bor. Shunchaki yaxshi tayyorlanish va raqiblardan qo‘rqmaslik kerak». 

O‘zbekiston Rowing Canoe federatsiyasi raisi o‘rinbosari Tatyana Mamatqulova jamoaga yordam berganlarga minnatdorchilik bildirdi: «Artur — yoshlar o‘rtasidagi olimpiada sovrindori, bir necha bor Osiyo musobaqalarida ham g‘olib bo‘lgan. Bu safar u hammamizni jahon kubogi g‘olibligi bilan xursand qildi. 

Bu turnir sentabrda Xitoyda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini bajardi. Bizga yordam bergan federatsiyaga, Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasiga minnatdorchilik bildiramiz». 

Yosh sportchi Dinara Jo‘rayeva birinchi bor katta musobaqada qatnashganini va bu unga yaxshi tajriba bo‘lgani haqida gapirdi: «Bu kattalar o‘rtasidagi birinchi musobaqam bo‘ldi. Biroz yetmay qoldi — 4-o‘rinni oldim. Iyul oyida yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘ladi. O‘shanda medal olib kelishga harakat qilaman». 

Muxbir — A’zamjon Izzatillayev, 
Tasvirchi va montaj ustasi — Boymirza Xalilov

Mavzuga oid