Jahon | 10:25 / 16.05.2023
19617
5 daqiqa o‘qiladi

OAV: Zelenskiy Rossiyaning chegaradagi shaharlarini egallab olishni taklif qilgan

Uning o‘zi Amerika razvedkasi bayonotlarini «fantaziya» deb atadi, biroq Ukraina o‘zini tajovuzkordan himoya qilayotgani va turli kurash usullaridan foydalanishga haqli ekanini ta’kidladi.

Foto: Presidential Office of Ukraine / Picture Alliance / Scanpix / LETA

Amerikaning The Washington Post (WP) gazetasi razvedka xizmatlari va AQSh Mudofaa vazirligining tarmoqqa sizdirilgan ba’zi maxfiy hujjatlarini o‘rganib chiqdi. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shaxsiy suhbatlarida Rossiya hududiga zarba berish, Rossiya chegarasidagi ba’zi shaharlarni egallash, shuningdek, Rossiya neftini Vengriyaga yetkazadigan «Drujba» neft quvuriga hujum qilishni taklif qilgan.

Gazetaning qayd etishicha, bu hujjatlar Zelenskiyni «tajovuzkor instinktlarga ega bo‘lgan yetakchi sifatida ko‘rsatadi. Bu esa uni Rossiyaning shafqatsiz hujumiga bardosh beradigan vazmin va jasoratli davlat arbobi haqidagi ommaviy imijiga keskin qarama-qarshidir».

Amerika razvedkasi bunday ma’lumotlarni elektron xabarlardan qo‘lga kiritgan. Pentagon ma’lumotlar haqiqiyligiga shubha qilmagan.

Maxfiy hujjatlardan biriga ko‘ra, Zelenskiy yanvar oyi oxirida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda «Rossiyaga zarbalar berish», quruqlikdagi qo‘shinlarni Rossiya hududiga yuborish va «Rossiyaning chegaraga yaqin shaharlarini egallash»ni taklif qilgan. Shu orqali Moskva bilan bo‘ladigan muzokaralarda ta’sir dastagiga ega bo‘lishni istagan.

Yana bir hujjatda aytilishicha, fevral oyi oxirida Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bilan uchrashuvda Ukrainada rus qo‘shinlari joylashgan manzillarga zarba bera oladigan uzoq masofali raketalar yo‘qligidan afsusda ekanini bildirgan.

Shu bilan birga, u dronlardan foydalanib, «Rostovdagi ba’zi joylarga zarba berish»ni taklif qilgan. Bu haqda CNN aprel oyida xabar bergan edi.

Bundan tashqari, Zelenskiy Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Yuliya Sviridenko bilan uchrashuvda Vengriyaga neft yetkazib berishni to‘xtatish uchun «Drujba» neft quvurini portlatish va shu tariqa prezident Viktor Orbanga zarba berishni taklif qilgan. Orban Rossiya prezidenti Vladimir Putinning G‘arbdagi asosiy ittifoqchilaridan biri sanaladi. AQSh razvedkasi Zelenskiy «g‘azabi tufayli Vengriyaga bo‘rttirilgan, bema’ni tahdidlar qilgan bo‘lishi mumkin» deb hisoblagan.

Volodimir Zelenskiy The Washington Post nashrining Rossiya hududlarini bosib olishni taklif qilganmi yoki yo‘qmi degan savoliga javob berar ekan, Amerika razvedkasi bayonotlarini «fantaziya» deb atadi, biroq Ukraina o‘zini tajovuzkordan himoya qilayotgani va turli kurash usullaridan foydalanishga haqli ekanini ta’kidladi.

«Ukraina o‘zini himoya qilishga haqli va biz buni qilyapmiz. Ukraina hech kimni bosib olgani yo‘q, aksincha. Shuncha odam halok bo‘lgani, ommaviy qabrlar bor ekani, xalqimiz qiynoqqa solinayotgani tufayli biz har qanday usuldan foydalanishimiz kerakligiga ishonchim komil», dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining aytishicha, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaga qarshi zarbalar uchun uzoq masofali raketalardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti. «Mamlakatimizda hech kim Rossiya hududiga hujum qilish yoki zarba berish haqida buyruq bermagan», dedi u.

Oq uydagi manba aytishicha, Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Baydenga Rossiyaga zarba berish uchun Amerika qurollaridan foydalanmaslikni va’da bergan va «va’dasini bajarmoqda».

Zelenskiy mazkur nashrga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi raketalarni bermayotganini ta’kidladi, chunki «AQSh ularni Rossiya hududida qo‘llashimizdan qo‘rqadi», dedi.

«Ammo men har doim hamkorlarimizga aytaman... Biz olgan o‘q-dorilarni sarflaydigan ustuvor maqsadimiz bor va biz uni faqat Ukraina hududlarini ozod qilishga sarflaymiz», deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Nashrning ta’kidlashicha, maxfiy hujjatlardan birida Ukraina prezidenti «o‘z qo‘l ostidagilarning ambitsiyalarini jilovlagan». Ushbu materiallarga ko‘ra, Ukraina harbiy razvedkasi 2022 yilda kurdlar yordamida Suriyadagi rus qo‘shinlariga hujum qilish rejasini ishlab chiqqan, biroq dekabr oyida Zelenskiy noma’lum sababga ko‘ra «Suriyadagi rus qo‘shinlariga qarshi operatsiyalarni rejalashtirishni to‘xtatishga buyruq bergan».

Shu bilan birga, dron hujumlari Rossiyaning turli mintaqalarida, jumladan, Rostov oblastida ham odatiy holga aylangan. U yerda may oyi boshida dron neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgandi. «Transneft» mart oyida «Drujba» neft quvurida ikkita bomba topilgani, may oyida esa ular quvurda terakt uyushtirishga uringani haqida xabar bergan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid