15:58 / 22.05.2023
10166

Armaniston bosh vaziri Yerevanning KXShTdan chiqib ketishi bilan tahdid qildi

Foto: Getty Images

KXShTga a’zolikning «hech narsa bermasligi» Yerevanga xavfsizlik masalalarini muhokama etishga to‘sqinlik qilmoqda, dedi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan. U Armaniston tashkilotdan chiqishi yoki a’zoligini muzlatib qo‘yishi mumkinligini istisno etmadi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘z mamlakatining Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXShT) chiqishi ehtimoli haqida ma’lum qildi. Bu masala hozir muhokama qilinmoqda, dedi Pashinyan 22 may, dushanba kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. «Men Armaniston de-yure KXShTdan chiqishi yoki a’zoligini muzlatib qo‘yishi mumkinligini inkor eta olmayman. Lekin bu faqat KXShT Armanistondan chiqqani qayd etilgan taqdirdagina sodir bo‘ladi», - dedi u.

Shu bilan birga, Nikol Pashinyan KXShT kuzatuv missiyasi Armanistonga kelmayotganiga ishora qildi. «KXShTning Armanistondan chiqishi haqida gapirganda, men tashkilotning Armaniston oldidagi majburiyatlarini nazarda tutyapman», deb tushuntirdi u. Bundan tashqari, bosh vazirning ta’kidlashicha, KXShT a’zosining «hech narsa bermaydigan» rasmiy maqomi Yerevanda xavfsizlik masalalarini muhokama etishga to‘sqinlik qilmoqda. «Sizningcha, bizga boshqa davlatlardan qurol-yarog‘ va harbiy texnika olish bo‘yicha takliflar kelmadimi? Albatta, bunday imkoniyat bor edi, lekin bu imkoniyatning yopilishi asosan Armanistonning KXShTga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, Pashinyan Ozarboyjonning Armaniston tomonidan tan olingan hududiga Tog‘li Qorabog‘ ham kirishini ma’lum qildi. «Shuni qayd etish muhimki, Yerevan Tog‘li Qorabog‘ armanlarining huquqlari va xavfsizligi masalalari Boku-Stepanakert muzokaralari formatida muhokama etilishi kerakligini e’lon qiladi», — dedi u.

2022 yil noyabrida Nikol Pashinyan KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashi deklaratsiyasi va Yerevanga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar loyihasini imzolashdan bosh tortgan edi. U bu qarorini tashkilot tomonidan «Ozarboyjonning Armaniston hududiy yaxlitligiga qarshi tajovuziga siyosiy baho berilmagani» bilan izohladi. Yanvar oyida Yerevan mamlakatda KXShT mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan bosh tortgan edi.

Mavzuga oid
Top