Jahon | 16:50 / 23.05.2023
11012
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya «qiruvchilar koalitsiyasida» keng ishtirok etishini tasdiqlamadi

Foto: AP

Germaniyada F-16 samolyotlari yo‘q va u ukrainalik uchuvchilarni tayyorlashda yordam berishi dargumon, dedi Germaniya mudofaa vaziri. Shu bilan birga, Boris Pistorius Kiyevga Taurus qanotli raketalarini yetkazib berish imkoniyati haqidagi savolga javob bermadi.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius GFRning Ukraina uchun «qiruvchilar koalitsiyasi»da keng ishtirok etishi ehtimolini rad etdi. «Buning imkoniyatlari nihoyatda cheklangan va hozirda o‘rganilmoqda», - deya tushuntirdi Pistorius 23 may, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi mudofaa vazirlarining konferensiyasi chog‘ida. 

«Germaniyaning hissasi katta rol o‘ynamaydi, chunki bizda F-16 samolyotlari yo‘q va biz uchuvchilarni tayyorlashda yordam bera olmadik», dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari. U boshqa mamlakatlarning Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishda ishtirok etishi ehtimoli haqida izoh berishdan bosh tortdi va bunda Ukraina atrofidagi mojaroning kuchayishi xavfini ko‘rmayotganini aytdi. 

Bundan tashqari, Boris Pistorius Ukrainaga Germaniyaning Taurus tipidagi qanotli raketalarini yetkazib berish taklifiga vazmin munosabat bildirdi. Vazir har bir alohida qurol tizimi haqida munozaraga kirishni va faraziy savollarga faraziy javob berishni istamasligini aytdi. 

«O‘ylaymanki, liniyamiz biz buni qilmasligimiz va qizil yoki oq chiziqlar tortmasligimizning to‘g‘riligini isbotladi», — dedi Pistorius va Ukrainaga jiddiy yordam ko‘rsatish hamda bu masalaga mas’uliyat bilan yondashish muhimligini ta’kidladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid