Jahon | 10:58 / 24.05.2023
19451
7 daqiqa o‘qiladi

Atomdan keyingi Hirosima: insoniyat hanuz voz kechmagan qurol dahshati

AQSh qurolli kuchlari tomonidan 1945 yil 6 va 9 avgust kunlari Yaponiyaning Hirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan atom bombasi insoniyat tarixida ushbu vahshat qurolining birinchi va oxirgi marta qo‘llanishi bo‘lib qolmoqda. Yuz minglab insonlarning yostig‘ini quritgan bu qurol bugungi kunda ham ayrim yirik davlat rahbarlarining “shantaj quroli”ga aylangan.

Dahshatli urushning ayanchli yakuni

Hirosima atom bombasi zarbasiga qadar Yaponiya imperiyasining muhim flot shaharlaridan biri edi. Yaponlar ushbu strategik shahardan harbiy baza sifatida foydalanib kelishgan. Shahar yapon-xitoy, rus-yapon urushi davrlarida juda muhim rol o‘ynagan.

Ikkinchi jahon urushi deyarli yakunlanib, Germaniya so‘zsiz taslim bo‘lgach, uning ittifoqchisi militaristik Yaponiya o‘jarlik bilan tinchlik shartnomasini imzolashdan bosh tortadi. Hatto yaponlar 1945 yil Potsdam konferensiyasidagi talabnomani ham rad etadi.

Yaqinlashib kelayotgan sovuq urush nafasini sezgan va Sovet Ittifoqi kabi raqibini cho‘chitib qo‘yish maqsadida AQSh rahbariyati o‘ta shafqatsiz tajribaga qo‘l uradi va birinchi bo‘lib Xirosimaga atom bombasini tashlaydi.

Hirosimadagi Fan va texnologiyalar muzeyining portlashdan keyingi holati. Foto: Bettmann/Getty

Yakson bo‘lgan shahar, ko‘mirga aylangan odamlar

1945 yil 6 avgust tongida “Little Boy” deya atalgan bomba (13-18 kilotonna trotil portlash kuchiga ega) Hirosimaning Ayoy ko‘prigi va Sima shifoxonasi yaqiniga tushadi. Lahzaning o‘ziga minglab odamlar mumday erib ketadi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, o‘sha kun Hirosima tinch va sokin edi, shahar uyqudan uyg‘onib, yangi kunga hozirlik ko‘rardi. Kutilmaganda osmonda raketaga o‘xshash uzun samolyot paydo bo‘ldi va undan ulkan bomba pastga qulay boshlaydi...

2020 yilda Greenpeace tashkiloti bilan o‘z xotiralarini bo‘lishgan Hiroshi Harada atom bomba tashlangan payt bor-yo‘g‘i olti yashar bolakay bo‘lgan.

Hiroshi Harada atom bombasi portlashidan 1 yil o‘tib, maktabga chiqqandagi olingan surat.
Foto: Hiroshi Haradaning shaxsiy arxividan

“Guyoki osmondan olov yog‘ilganday edi... Ko‘z oldimda odamlar o‘ldi, bir necha daqiqada hammayoq murdaga to‘ldi. Oyoq bosishga joy qolmadi. Falokat markazidan tezroq qochish uchun murdalarni toptab, yugurishga majbur bo‘ldim. Bilasizmi... odamlarning terisi erib ketgandi. Oyog‘im ularning tanasiga botib ketardi... Yugurishda davom etmasam yonib kul bo‘lishimni his etdim va omon qoldim”, deydi Harada.

Olti yoshli Harada portlash episentridan ikki kilometr uzoqlikdagi stansiyada jon saqlab qolgandi. Stansiyaning mustahkam qurilgani va bolasini asrab qolishga uringan otaning jasorati bolakayni muqarrar o‘limdan olib qoladi.

“Olov orqamizdan tinimsiz ta’qib qilgandi. U lahzalarni hanuz unuta olmayman” deydi Hiroshi Harada.

Atom dahshatidan tirik qolgan bolakay 1993 yilda Xirosima tinchlik xotira muzeyi direktoriga aylandi.

Hirada Hiroshining 81 yoshdagi holati
Foto: Greenpeace 

“Odamlarning terilari, bilasizmi, xuddi xayvon po‘stiday edi... Qo‘llarining terilari ajralib tushgandi. Tarashaday qotib qolgan odamlarni ko‘rdim. Odamga o‘xshamasdi ular”, deydi yana bir guvoh Takayama Hitoshi.

Hirosimada atom bombasi portlashidan 40 mingdan ziyod kishi omon qolgan. Yaponlar dahshatli o‘tmish guvohlarini “hibakusha” deya atashadi. 

Hirosimaga atom bombasi tashlanishini to‘g‘ri qadam deya baholaydiganlar ham bo‘lgan. Zero, Yaponiya o‘z vaqtida Xitoydek davlatni bo‘lib yuborgan va bir qismini bosib olgan, Janubi-Sharqiy Osiyoda tartib o‘rnatib, AQShga zarba bera olgan qudratli davlat edi. Hitlerning “to‘ng‘iz qo‘pishi” aniq bo‘lgandan so‘ng ham yaponlar taslim bo‘lishni xayolga ham keltirmadi. 

Kam sonli atom hujumini qo‘llovchilar fikricha, Hirosima va Nagasakidagi vahshiylik yapon davlatini tom ma’noda shokka tushirdi va taslim bo‘lishga majbur etdi. “Shu tariqa bir necha yuz ming odamning hayoti evaziga keng ko‘lamli urush to‘xtatildi” deya hisoblaydi ular. 

Yadro quroliga qarshi kurash harakati vakillaridan bo‘lgan Keyt Hudsonga fikricha, tarixiy hujjatlarga ko‘ra, Yaponiya shundoq ham taslim bo‘lishga hozirlik ko‘rayotgan edi va atom bombasini tashlash zarurati yo‘q edi. Bu harakat AQSh prezidenti Garri Trumenning urushdan keyin oyoqqa turishi kutilayotgan sotsialistik blokka qilgan do‘q-po‘pisasi edi.

Atom qurolini tashlagan uchuvchi: “Menga yodgorlik o‘rnatmanglar…”

Amerika harbiy-havo kuchlari generali Pol Tibbets Hirosimaga atom bombasi tashlagan samolyotni boshqargan.

Baxtga qarshi, Pol qariyb 140 ming kishining yostig‘ini quritgan ishni amalga oshirganida sira afsus chekkan emas. Hatto u 2005 yilda OAVga intervyu berayotib: “Jin ursin, agar yana shu ishga buyursangiz, men uni amalga oshirgan bo‘lardim...” deya bayonot bergan.

Tibbets o‘limoldi vasiyatnomasida katta dafn marosimi o‘tkazishni va qabriga yodgorlik qo‘yishni keskin rad etdi. Aytilishicha, u qabri va unga qo‘yiladigan yodgorlik tinimsiz norozilik namoyishlari makoniga aylanishidan cho‘chigan.

78 yil o‘tib

Hirosima tinchlik memorial muzeyi
Foto: KyodoNews/Getty

Bugungi Hirosima — sokin va rivojlangan shahar. Shaharda qariyb 1,2 million aholi istiqomat qiladi. Hududga ayni damda atom quroli xavf solayotgani yo‘q, ammo boshqa muammolar bo‘y ko‘rsatmoqda. Xuddi butun Yaponiyadagi kabi shahar aholisi qarib bormoqda, tug‘ilish keskin tushib ketgan, yoshlar ulushi past. Hirosimaliklar 6 avgust tongida sodir bo‘lgan dahshatni unutmaydi va yoshlarga doim so‘zlab beradi.

Insoniyat esa mana shunday vahshatli tarixdan hanuz xulosa chiqarganicha yo‘q. Qaytanga o‘zaro raqiblar mushtlashuv oldi baquvvat bilaklarini o‘ynatgandek, qudratli davlatlar yadro kallaklari, ballistik va gipertovushli raketalar bilan bir-birlariga maqtanishda davom etmoqda. Yaponiyaning shundoq biqinida joylashgan Shimoliy Koreyaning yadroviy po‘pisalari hanuz tinmayotir.

Hatto tahlilchilar dunyodagi mavjud siyosiy vaziyatni Sovuq urush davrining eng quyi nuqtasidan ham battar deya hisoblamoqda. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ajal quroli masalasini yana kun tartibiga chiqardi.

Yadroviy urush, atom dahshatini chindan his etish uchun yapon bo‘lib ko‘rish kerak. Ammo yaponlar boshdan kechirgan talafot bugungi ajal qurollari qudrati oldida o‘yinchoqdek. Kelajakda atom falokati ro‘y beradigan bo‘lsa insoniyat tag-tomiri bilan dunyodan yo‘qolib ketishi ham hech gap emas.

Abror Zohidov

Mavzuga oid