O‘zbekiston | 14:57 / 24.05.2023
30461
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqda “qizil”da o‘tgan “Damas” urib yuborgan qizlardan biri vafot etdi

7-sinfda tahsil oladigan jabrlanuvchi 23 may kuni hayotdan ko‘z yumgani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

15 may kuni internetda Olmaliq shahridagi maktabning 2 nafar o‘quvchisini avtomashina urib yuborgani aks etgan videolar tarqalgan, Toshkent viloyati IIBB YHXB Kun.uzʼga jabrlanuvchilardan birining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qilgandi.

Kun.uz manbasining xabar berishicha, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, YTHda jabrlangan qizlarning biri 23 may kuni vafot etgan.

“Damas” urib yuborgan boshqa bir o‘quvchi qizning ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Damas” avtomashinasi haydovchisi svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmay, harakatlanishda davom etgan va Olmaliq shahrining “Tinchlik” ko‘chasidagi chorrahadan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 2 nafar o‘quvchini urib yuborgan.

Toshkent viloyati IIBB YHXB Kun.uzʼga bosh miya yopiq jarohatini olgan o‘quvchi qizlardan birining ahvoli og‘ir ekani, yana bir jabrlanuvchi esa yengil jarohat olganini bildirgandi.

Hodisa yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan, shuningdek, Olmaliq tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgani xabar berilgan.

Bosh prokuratura tomonidan ushbu ish nazoratga olinib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Mavzuga oid