O‘zbekiston | 12:05 / 27.05.2023
14991
4 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transporti yangi tariflarining joriy etilishi nega kechikyapti?

Aprel oyidan Toshkentda avtobus va metrodan foydalanish uchun moslashuvchan yangi tariflar joriy etilishi, to‘lov narxlari o‘zgarishi kerak edi. Biroq may oyi tugayapti, yangi tariflar joriy etilgani yo‘q. Kun.uz muxbiri yangi tariflar nima sababdan kechikayotganini o‘rganishga harakat qildi.

Foto: KUN.UZ

Aprel oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz’ga bergan intervyusida 15 maydan Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanishning moslashuvchan tariflari joriy etilishini, yo‘lkira narxlari o‘zgarishini ta’kidlagandi.

«Avtobuslar kelganidan keyin, buning normativ bo‘yicha o‘tish yo‘llari bor. Shundan keyin, yo‘lkiraning tannarxi chiqadi. Tannarx aniqlanganidan keyin biz bularni ommaga e’lon qilamiz. Mana shu jarayonlari bilan tarifning o‘zgarishi 15 may sanasiga to‘g‘ri keladi. 15 maydan yangi tariflar joriy etiladi», – degandi vazir.

Aslida prezident qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 apreldan yangi tariflar amaliyotda qo‘llanilishi kerak edi. Lekin bu na aprel oyida, na may oyida amalga oshirildi.

Kun.uz loyiha taqdiri yuzasidan Transport vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan yangi tariflar qanday shaklda bo‘lishi, nima qilinishi va narx-navolari aniqlanib, loyiha Toshkent shahar deputatlar kengashiga taqdim qilingan.

«Shuni deputatlar tasdiqlab bersa, keyin tariflarni qo‘llash bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi», – dedi vazirlik matbuot kotibi Navruz Ashurmatov.

Masala yuzasidan Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati bilan ham bog‘lanilganda, hokimlik matbuot kotibi «gap deputatlar kengashida qolganini» tasdiqladi. 

Yangi tariflar nega muhim?

Yangi tarif tizimi joriy etilishining asosiy maqsad-mazmuni aholi mobilligini rag‘batlantirish hisoblanadi. Ya’ni yo‘lovchi 2-3 ta manzilga bormoqchi bo‘lsa, uning uchun jamoat transportidan foydalanish eng qulay variant bo‘lishi kerak. Tariflar 1 soat ichida 2 000 so‘mdan (birinchi qatnov 1 600 so‘m + ikkinchi qatnov 400 so‘m + uchinchi qatnov bepul) jamoat transporti tarmog‘idan cheklanmagan miqdorda foydalanish imkonini beradi. Bu shaxsiy transport jozibadorligini kamaytirish, jamoat transportidan foydalanuvchilar sonini oshirishga xizmat qiladi.

Transport vazirligining Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovning ta’kidlashicha, tariflar masalasi hozirda 14 ta avtobusda joriy etilgan brutto-shartnoma tizimining samarali ishlab ketishiga ham bog‘liq.

«Brutto-shartnomaning to‘laqonli ishlab ketishi uchun tariflar ishga tushishi kerak, tariflar ishga tushganida yo‘lkira yig‘imlarida shaffoflik ta’minlanadi, korrupsion holatlarning oldi olinadi. Ishlash jarayonida avtobuslar naqd pulni to‘liq hisobdan o‘tkazib, barcha tushumlarni kassalarga topshirishi kerak. Bu mablag‘lar maxsus jamg‘armaga to‘laligicha tushishi, ta’minlanishi lozim. Uning uchun har bitta yo‘lkira uchun to‘lov hisobga olinishi kerak bo‘ladi. Elektron bo‘lsa, bu jarayon oson bo‘ladi. Aks holda, yana inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.

Bu ikki tizim samarali ishlashi uchun ularning ikkalasi ham birdek ishlashi kerak. Ular bir-biriga bilvosita bog‘liq, hammasi samaradorlikka ta’sir qiladigan omillar hisoblanadi», – deydi Obidov.

Eslatib o‘tamiz, 5 may kuni Toshkent shahri jamoat transportining yangi tarif rejasi haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, jamoat transporti vositalarida qatnash uchun yo‘lkiraning bir martalik narxi naqd pulda 2 000 so‘mga, «Atto» transport kartalari orqali to‘lov qiluvchi yo‘lovchilar uchun esa 1 600 so‘mga o‘zgarishi kerak edi.

Agar yo‘lovchilar o‘z manziliga bir soat ichida bir transport turidan ikkinchi marotaba foydalansa, ikkinchi jamoat transporti uchun 400 so‘m yo‘lkira to‘lashi belgilangandi. Bunda uchinchi, to‘rtinchi qatnovlar bepul bo‘lishi ham aytilgandi.

Mavzuga oid