Germaniyada drama, Messi Ronalduning rekordini yangiladi. Yevropada kun o‘yinlari
Shanba kuni Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Reuters
Germaniya: gegemonning qulashi ro‘y bermadi
Borussiya D – Mayns 2:2
Gollar: 0:1 – 15 Xanche-Olsen, 0:2 – 24 Onisivo, 1:2 – 69 Gerreyru, 2:2 – 90+6 Zyule.
Borussiya D – Kobel, Hummels, Zyule, Ryuerson (Modest, 80), Gerreyru, Jan, Brandt (Dyuranvil, 62), Volf (Mukoko, 46), Malen (Reyna, 63), Aller, Adeyyemi (Roys, 40).
Mayns – Damen, Kasi, Bell, Xanche-Olsen, Fernandesh, Aaron Martin, Kor, Li Je Son (Ingvarsen, 66), Barreyro, Shtax (Barkok, 80), Onisivo (Mustafa, 90).
Kyoln – Bavariya 1:2
Gollar: 0:1 – 8 Koman, 1:1 – 81, penalti Lyubichich, 1:2 – 89 Musiala.
Kyoln – Shvebe, Shmits (Xuseynbashich, 62), Shabo, Xyubers, Xektor, Kayns (Shindler, 62), Sxiri, Lyubichich (Pedersen, 82), Mayna (Lemperle, 82), Martel, Zelke (Tilmann, 62).
Bavariya – Zommer, Pavar, Upamekano, de Ligt, Mazraviy (Musiala, 85), Kimmih, Gravenberh (Goretska, 71; Tel, 85), Myuller (Joau Kanselu, 62), Koman (Shupo-Moting, 71), Sane, Gnabri.
Bundesliganing so‘nggi turidagi intriga va «Bavariya» ta’qibchi rolida bo‘lishi — oxirgi marta qachon kuzatilgandi? «Biz yetarlicha ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydik va hozirda shunday vaziyatdamizki, bunda faqat o‘zimizni ayblashimiz mumkin», — dedi Tomas Tuxel. Myunxendagi faoliyati ko‘plab savollar tug‘dirayotgan murabbiy jamoa o‘zi g‘alaba qozonishidan tashqari tashqaridan ham yordam kerak bo‘lishini — Dortmundda ham, Kyolnda ham — hamma narsa bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Tomasning so‘zlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. 8-daqiqada Koman to‘pni raqib darvozasining yuqori burchagiga yo‘lladi va onlayn turnir jadvalida «Bavariya»ni birinchi o‘ringa olib chiqdi. Keyin esa jamoaga tashqaridan ham yordam bo‘la boshladi. Bir yil muqaddam 14 daqiqa ichidagi uch gol bilan myunxenliklarni nokaut qilgan (3:1), keyin esa qatorasiga to‘rt o‘yinda yutqazgan «Mayns» poygadagi ikkinchi favoritga muammolar tug‘dirdi.
Mehmonlar avvaliga burchak jarima zarbasidan hisobni ochishdi. Keyin — jarima maydoni ichida Rafael Gerreyruni yiqitishganida va VAR bosh hakamga monitorga kelib vaziyatni tekshirishni tavsiya qilganida — Allerning oyog‘i penalti ijro etishda qaltiradi. «Asalarilar» «Mayns»ni jarima maydoniga qamab qo‘ygandek tuyulganida, raqib qarshi hujumga chiqdi. «Borussiya»ning ikki markaziy himoyachisi Onisivoni darvoza qarshisida bo‘sh qoldirishdi va u osonlik bilan to‘pni darvozaga joylab, stadiondagi muxlislar ustidan sovuq suv quydi.
Edin Terzich yosh jamoasi hech qachon bunday bosim ostida o‘ynab ko‘rmaganidan kelib chiqqan holda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan ko‘rgandek edi. Shu tufayli 40 yoshli mutaxassis o‘yindan oldingi matbuot anjumanida vaziyat jamoaga ortiqcha ta’sir ko‘rsatmasligi kerakligi, hech qanday favqulodda choralar ko‘rilmasligi, maydon va to‘p esa — bir hafta oldingi kabi ekani haqidagi oddiy gaplarni gapirdi.
O‘tgan turni sog‘ligidagi muammo tufayli o‘tkazib yuborgan Bellingem maydonda ro‘y berayotgan dramani zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib kuzatardi. Ammo unda hali hammasi oldinda — katta ehtimol bilan, «Real»da. O‘yinga birinchi bo‘limdayoq shoshilinch tushirilgan Roysga esa har qancha achinsa arziydi. Uning shartnomasi yana bir yilga uzaytirilganiga qaramay, Markoda endi faoliyatida ilk bor «Kumush tovoq»ni ko‘tarish imkoniyati boshqa bo‘lmaydi.
34 yoshga to‘layotgan bu futbolchi esa hammadan ko‘proq bunga loyiq edi. Masalan, jamoaning boshqa faxriysi — Hummels 11 yil muqaddam «Borussiya» bilan chempion bo‘lgandi. Qolaversa, orada «Bavariya»da ham o‘ynab kelgan bu futbolchi oqpadar o‘g‘il maqomida, Roys esa son-sanoqsiz takliflar bo‘lganiga qaramasdan, sariq-qoralarga sodiq qolgandi.
Shanba kuni u sher kabi kurashdi. «Borussiya»ni ikkinchi bo‘limda 18 yoshli Mukoko oldinga boshladi. Lekin boshqalar ketma-ket vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishdi — yoki xato tepishdi, yoki darvozabonga qarata. «Mayns» esa barchasiga navbatdagi qarshi hujumda nuqta qo‘yishi ham mumkin edi. Bunday holatda Dortmunddagilar faqat Kyolndagi o‘yinda mo‘jiza bo‘lishiga umid qilishi mumkin edi va bu ro‘y berishiga bir baxya qoldi.
Tuxel boshqaruvidagi «Bavariya»ning ikkinchi bo‘limdagi o‘yini — haqiqiy falokatning o‘zginasi edi. Jamoa katta farq bilan oldinga chiqib olmagandi, Sanening goli to‘p qo‘l bilan o‘ynalgani tufayli bekor qilindi. Zommer juda xavfli vaziyatda, to‘p darvoza to‘sini ostiga kirayotganida qahramonlik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, lekin 80-daqiqada belgilangan penalti Myunxen va Dortmunddagi kayfiyatni 180 darajaga burib yubordi.
Matnning davomi bunday «Bavariya» chempionlikka loyiq bo‘lmagani haqida, Tuxel eplay olmagani haqida, bosh direktor Oliver Kan va sport ishlari direktori Xasan Salixamidjich Yulian Nagelsmanni iste’foga chiqarib, katta xatoga yo‘l qo‘ygani haqida yozilishi kerak edi. Ammo myunxencha xarakter va Musialaning harakatlari bunday fikrlarni chiqindixonaga uloqtirdi, jamoa bir necha daqiqa ichida Myunxenga qatorasiga o‘n birinchi chempionlikni taqdim etdi.
Bu — bavarlar ruhining g‘alabasi. Bu omil jamoaga mantiq qonunlariga qarshi borib ham yuqorida qolish imkonini berdi. Bu esa katta ishlar uchun xomlik qilgan «Borussiya»da yo‘q edi.
Agar bo‘lganida Zyulening qo‘shimcha daqiqalarda urgan va hisobni tenglashtirgan goli ortidan yana birini urgan bo‘lishardi. Ammo maydonda ilmiy fantastika emas, balki bundesligadagi real holat kechdi. «Bavariya»mojarolar girdobida qolgan va kuchsizlangan holatida ham birinchi.
Union – Verder 1:0
Gol: 1:0 – 81, Xedira
Ayntraxt F – Frayburg 2:1
Gollar: 0:1 – 44, Grifo – 1:1 – 83, Kolo Muani, 2:1 – 90+1, Dina Ebimbe J.
Tabiiyki, bundesligadagi chempionlik intrigasi qolgan intrigalarni soyada qoldirdi, ammo ish bu bilan tugab qolgani yo‘q. Hali Chempionlar ligasi uchun to‘rtinchi yo‘llanma egasini aniqlash kerak edi va bu yerda ham barchasi so‘nggi daqiqalarda hal bo‘ldi. 81-daqiqaga qadar «Frayburg»ga omad kulib boqib turdi, jamoa Frankfurtdagi o‘yinning birinchi bo‘limini turnirdagi 50-golini urish bilan yakunladi.
Ammo ochkolar teng kelgan taqdirda to‘plar nisbatiga ko‘ra yuqorida bo‘ladigan «Union» baribir o‘yin oxirida «Volfsburg»ni taslim etdi. Xediraning goli jamoaga tarixiy g‘alaba keltirdi va Urs Fisher jamoasi Germaniyaning asosiy yevrokubokda o‘ynaydigan 15-jamoasiga aylandi. Bu — rekord, Ispaniya ikki punkt bilan ortda qoldirildi (13).
Berlindagi gol parallel uchrashuvdagi voqealar borishiga ta’sir ko‘rsatgani haqida aniq aytish qiyin. Qisman shunday. «Ayntraxt»da bu mavsumda «Bayyer»ni quvib o‘tish imkoni qolmagandi, ammo «burgutlar» keyingi dam olish kunlari bo‘lib o‘tadigan Germaniya Kubogi finaliga qadar tonusni ushlab turadigan bo‘ldi. Va yana Kolo Muani o‘zini ko‘rsatdi, uning bosh bilan bergan zarbasi kambekni boshlab berdi. Endi fransuz — chempionatning «gol + pas» tizimidagi eng yaxshi futbolchisi (15+11).
Ispaniya: Sebalyosga hushtakbozlik
La Liga. 37-tur
Sevilya — Real 1:2
Gollar: Mir (3) — Rodrigo (29, 69).
Sevilya – Bunu, Montel, Rekik, Gudel (Bade, 81), Akunya, Rakitich (Suso, 62), Gomes (Oliver Torres, 74), Lamela (Korona, 74), Bueno, Xil (Xordan, 62), Rafa Mir.
Real – Kurtua, Alaba, Militao, Mendi (Rodriges, 66), Modrich, Kroos, Tchuameni, Vaskes (Ryudiger, 81), Sebalos, Valverde (Kamavinga, 54), Rodrigo (Nacho, 81).
Ogohlantirishlar: Vaskes (33), Tchuameni (65), Nacho (84), Xordan (90+2), Sebalyos (90+2), Torres (90+7).
Chetlatish: Akunya (83).
Yevropa Ligasi finali arafasida turgan «Sevilya» (jamoa o‘yini shuning uchun bir kun oldinga surildi, chempionatning qolgan o‘yinlari yakshanba kuni bir vaqtda o‘tkaziladi) shanba kungi o‘yinni berib yuborishi haqidagi gaplarda asos yo‘q edi. Ha, Xose Luis Mendilibar tarkibda rotatsiya amalga oshirdi, ammo bu o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatmadi. Ilk hujumlardan biriyoq muvaffaqiyat keltirdi - Rafa Mir jarima maydoni ichida to‘pni o‘ziga bo‘ysundirib, uni yuqori burchakka aniq yo‘naltirdi.
«Real»ning ochiqchasiga omadi keldi. Lamela bir necha daqiqa ichida avvaliga to‘pni darvoza ustuniga tekkizganida, keyin esa qulay pozitsiyada turib to‘pni darvoza burchagiga yo‘naltirib yubora olmaganida. Argentinalik futbolchi sermahsullik bobida Rodrigodan ortda, yosh futbolchi jarima zarbasi orqali barchani, jumladan Bununi hayron qoldirdi. Darvozabon to‘p «jonli devor» ustidan o‘tib kelishini kutgandi, ammo o‘zi turgan burchakdan o‘tkazib yubordi.
Bu braziliyalik forvard benefisining boshlanishi edi. Ikkinchi bo‘limda madridliklar o‘ziga xos qarshi hujum uyushtirishdi, Modrich va Kroos ikki pas bilan to‘pni o‘z jamoasi jarima maydonidan raqib jarima maydoniga yetkazib berishdi va bu yerda Rodrigo jahon chempioni Montielni bolalarcha aldab o‘tib, jamoasini oldinga olib chiqdi. G‘alaba uchun shu golning o‘zi yetarli bo‘ldi, ammo mehmon jamoa muxlislari kayfiyatini Valverde jarohat olishi buzib qo‘ydi.
O‘yinni mojarosiz yakunlashning imkoni bo‘lmadi. Avvaliga «Sevilya» fanatlari Vinisius Juniorning qizil kartochkasi bekor qilinganiga norozilik aksiyasi o‘tkazishga qaror qilishdi, keyin esa Akunya ahmoqona podkati bilan mavsumdagi to‘rtinchi qizil kartochkasini olishidan keyin tribunadagilar hakamga va jabrlanuvchi Dani Sebalyosga haqorat yog‘dirishdi. Muxlislar asli Sevilyadan bo‘lgan futbolchini kechira olishmaydi, chunki u o‘tmishda andalusiyaliklarning yoshlar jamoasida o‘ynagan, keyin professional futbolchilik faoliyatini jamoaning asosiy raqibi bo‘lmish «Betis» safida boshlagan. Sebalyosning asablari Vinisiusnikidan baquvvatroq chiqdi, ammo u provokatsion imo-ishoralari bilan raqib fanatlarini izdan chiqardi.
Italiya: Mourino final haqida o‘ylamoqda
A Seriya. 37-tur
Fiorentina – Roma 2:1
Gollar: 0:1 – 11 Al-Sha’roviy, 1:1 – 85 Yovich, 2:1 – 88 Ikone.
Fiorentina – Cherofolini, Venuti (Dodo, 62), Martines (Milenkovich, 46), Igor Julio, Biragi (Terzich, 46), Saponara (Sottil, 61), Dankan (Kuame, 76), Barak, Mandragora, Ikone, Yovich.
Roma – Svilar, Missori, Smolling (Manchini, 46), Liorente, Zalevski (Abraham, 80), Veynaldum (Kristante, 60), Bove, Solbakken (Rojyer, 71), Belotti, Taxirovich, Al-Sha’roviy (Chelik, 46).
Ogohlantirishlar: Saponara (25), Missori (32), Martines (43), Venuti (50), Solbakken (58), Yovich (64), Svilar (75), Igor Julio (77).
«Roma» Florensiyadagi o‘yinni tetik boshladi, ammo yakunda Al-Sha’roviyning goli durang uchun ham yetarli bo‘lib chiqmadi. Bu esa rimliklarda Chempionlar ligasiga chiqish uchun faqat bir yo‘l qolganini anglatadi — Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lish. Darvoqe, Joze Mourino ham e’tiborini aynan finalga qaratgani, «Fiorentina» bilan o‘yin esa uni unchalik tashvishlantirmayotganini aytgandi. Ammo portugaliyalik mutaxassis «Roma» o‘yin oxirida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, ikki daqiqa ichida ikki gol o‘tkazib yuborganidan mamnun bo‘lmagani aniq. Mezbonlarning birinchi golidan keyin mehmonlarda sarosimalik paydo bo‘ldi va bundan foydalangan Ikone ikkinchi golni urdi.
Inter — Atalanta 3:2
Gollar: Lukaku (1), Barella (3), Martines (77) — Pashalich (36), Muriel (90+1).
Inter – Onana, Dumfris, D`Ambrozio (Darmian, 83), Acherbi, Bastoni (de Vrey, 81), Dimarko (Gozens, 70), Brozovich, Chalxono‘g‘li, Barella (Aslani, 81), Lukaku (Jyeko, 81), Martines.
Atalanta – Sportello, Mele (Okoli, 86), Toloi, Jimshiti, Skalvini, Dzappakosta, de Ron, Pashalich (Lukman, 61), Kopmeyners, Ederson (Muriel, 69), Heylund.
Ogohlantirish: Toloy (58).
«Inter» Italiya Kubogi finalidagi g‘alabadan keyin bo‘shashmadi. Aksincha, Chempionlar ligasi finali arafasida neradzurrilar o‘zini tonusda ushlab turibdi va ular ham debyutdayoq tom ma’noda «Atalanta» mudofaasini dog‘da qoldirishdi. Bergamoliklar 1-daqiqada o‘tkazib yuborilgan goldan o‘ziga kelib ulgurmasdan (Lautaro Martines Lukaku yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborgandi), Barella Dimarkoning zarbalarini qaytarganidan keyin to‘pni baribir darvoza to‘riga joyladi. Milanliklar A seriyada o‘yinni bu qadar kuchli boshlashi so‘nggi bor 1941 yil yanvarida kuzatilgan.
Ammo bu baribir kuchli to‘rtlikka kirishga urinayotgan jamoaga qarshi o‘yin edi va barchasi bu qadar osonlik bilan hal bo‘lishi ilojsiz edi. Mehmonlar birinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘zlariga kelib olishdi va mezbonlarni muntazam hujumlar bilan bezovta qila boshladi. Kopmaynersning murakkab zarbasini Onana qaytara olgan bo‘lsa-da, darvoza qarshisidan turib zarba bergan Pashalichga qarshilik ko‘rsatishi imkonsiz edi. O‘yin qiziqarli kechishda davom etdi, ammo birinchi bo‘limda «Atalanta»da hisobni tenglashtirish imkoni bo‘lmadi.
«Inter» o‘yinni nazoratiga qaytardi va kuchli pozitsiyalaridan foydalandi. Ikkinchi bo‘limda Lukaku tashkillashtirgan hujum amalda o‘yin taqdirini hal qildi. Maydon markazida raqib darvozasi tomon orqa o‘girgan holda to‘pni qabul qilgan belgiyalik futbolchi to‘rt raqib qurshovidan chiqib ketib, to‘pni raqib jarima maydoni tomon borayotgan Brozovichga uzatib berdi. U esa shusiz ham chiroyli kombinatsiyani yanada chiroyli qilib, Martinesni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi. Simone Indzagi jamoasi keyingi mavsumda ham Chempionlar ligasida ishtirok etishini kafolatladi.
Fransiya: barchani qoniqtiruvchi durang
Strasburg — PSJ 1:1
Gollar: Gameyro (79) — Messi (59).
Strasburg – Zels, Dagba (Lienar, 66), Nyamsi, Perren, Dukure, Gilber, Sanson, Sissoko (Gameyro, 76), Bellgard, Diarra, Diallo.
PSJ – Donnarumma, Ramos, Bitshiabu, Danilu Pereyra, Bernat, Zair-Emeri, Verratti, Sanshesh, Vitinya (Soler, 84), Messi, Mbappe.
«Lans» «Ayachcho»ga qarshi o‘yinning birinchi tanaffusidayoq uch gol urib, ikkinchi o‘rin va Chempionlar ligasining guruh bosqichiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani kafolatlayotganida, parijliklar juda oddiy tarzda navbatdagi chempionlikni rasmiylashtirdi. Nazariy jihatdan ligani tark etish xavfi ostida turgan «Strasbur»ga qarshi safar o‘yinidagi dastlabki 45 daqiqalikdan keyin tabloda nollar porlab turgandi.
Albatta, bu o‘rinda Hakimining diskvalifikatsiyasini, shuningdek Markinos va so‘nggi vaqtlarda yaxshi o‘ynay boshlagan Fabian Ruisning jarohatini sabab qilib keltirish mumkin. Ammo baribir jamoa o‘yini chempionlarga xos emasdi. Alaloqibat, jamoaning yulduzli futbolchilari tashabbusni qo‘liga olishiga to‘g‘ri keldi. Mbappe qanotda himoyachilarni aldab o‘tdi va bir pas bilan Messini oldinga chiqardi, u esa o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi bilan darvozabonga imkoniyat qoldirmadi.
Shu tariqa, o‘yin yakunlanishiga bir daqiqa qolganida ikki murabbiy bir-birini quchoqlab nishonlagan durang bilan yakunlangan o‘yindan keyin ham jozibador sarlavhalar kafolatlangandi. Kristof Galtening o‘yindan oldingi so‘zlari, «Messi — bu futbolning o‘zi» iborasiga yangi ranglar qo‘shildi. 577-o‘yindagi 496-gol argentinalikni «kuchli beshlik» chempionatlaridagi eng yaxshi to‘purarga aylantirdi. Krishtianu Ronaldu yana abadiy raqibidan ortda qoldi (u 626 o‘yinda 495 bor to‘p kiritgandi), qolaversa, Messi faoliyatidagi 43-sovrinni yutib oldi. Endi u tarixdagi eng sovrindor futbolchilar ro‘yxatida eski qadrdoni Dani Alvesga tenglashib oldi.
Kun statistikasi
- Yigirma yil ichida 1-bor bundesligada to‘purarlar poygasida ikki futbolchi bir xil natija ko‘rsatdi. Mavsumning eng yaxshi to‘purari maqomi 16 tadan gol urgan Fyullkrug («Verder») va Nkunku («Leypsig») o‘rtasida taqsimlanadi.
- Germaniya chempionatida mavsumning ikkinchi yarmida tayinlanib, chempion bo‘lgan Tomas Tuxel bu borada Frans Bekkenbauerdan keyingi 2-murabbiy bo‘ldi.
- Bir o‘yinga o‘rtacha 2,38 gol — «Benfika»ning 1984 yildan buyon eng yaxshi natijasi.
- Top-5 ligalarda 4 nafar futbolchi so‘nggi ikki mavsumda gollari sonini 20 tadan oshirgan. Shanba kuni Levandovski, Holand va Mbappe safiga Lautaro Martines ham qo‘shildi.
- «Lion» forvardi Barkola ampluadoshi Lyakazettga 7 ta golli uzatma bergan. Bu fransuz chempionatidagi eng samarali bog‘lam bo‘lib, Messi va Mbappening natijasidan (5) ham yaxshiroq.
- 8 yildirki «Portu» futbolchilari Portugaliya ligasida eng yaxshi to‘purar bo‘la olmayotgandi. Pauzani bu mavsumda 22 gol urgan eronlik Torimiy to‘xtatdi.
- «Bavariya» so‘nggi turda chempionlikka erishishi 23 yil oldin kuzatilgandi, o‘shanda jamoa turnir jadvalida «Bayyer»ni quvib o‘tgandi.
- Italiya chempionatida «Torino» safar o‘yinlarida 31 ochko qo‘lga kiritgan. Bu ushbu jamoaning uch ochkolik tizimga o‘tilganidan buyon qayd etgan eng yaxshi natijasi.
- Portugaliya chempionatida g‘olib chiqqan «Benfika»dagi rasmiy sovrinlar soni 84 taga yetdi va jamoa sovrinlari soni bo‘yicha yana «Portu»dan o‘zib ketdi.
- Bundesliga o‘yinlarida «Ayntraxt» darvozasini 235-bor qo‘riqlagan Trapp klubn rekordini o‘rnatdi.
Tavsiya etamiz
Magic City'ning egasi yana o‘zgaradi
O‘zbekiston | 21:22 / 17.03.2025
«Balki uddalarmiz, balki yo‘q». Tramp ertaga Putin bilan gaplashishga va’da berdi
Jahon | 20:36 / 17.03.2025
Emmanuel Makron Yevropaga «yadroviy qalqon» taklif etdi
Jahon | 12:00 / 16.03.2025
AQSh 43 davlat, jumladan Rossiya va Belarus fuqarolarining kirishini cheklashi mumkin
Jahon | 17:13 / 15.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Yaqin 75 yil ichida dengiz sathi uch metrga ko‘tarilishi mumkin - olimlar
Fan-texnika | 00:12
-
YeI davlatlari «Ozodlik radiosi» uchun muqobil moliyalashtirish manbalarini qidiradi
Jahon | 23:38 / 18.03.2025
-
Putin Ukraina energetika obektlariga 30 kun zarba bermaslikni qo‘llab-quvvatladi va «harbiylarga tegishli buyruq berdi»
Jahon | 23:07 / 18.03.2025
-
Bundestag mudofaa xarajatlarini oshirishga yordam beradigan qonunni ma’qulladi
Jahon | 22:25 / 18.03.2025
Mavzuga oid

03:54 / 13.03.2025
YeChL. «Real» «Atletiko»dan penaltilar seriyasida ustun keldi, «Arsenal» va «Aston Villa» ham chorakfinalda

13:53 / 10.03.2025
«Real» «Barsa»ga yetib oldi, «Roma»da g‘alabali seriya. Kun o‘yinlari

10:50 / 09.03.2025
«Siti» muhim o‘yinda yutqazdi, «Barselona»da fojia. Kun o‘yinlari

03:05 / 06.03.2025