Qoraqalpog‘istonda gaz quvurida yirik yong‘in yuz berdi
Avariya-tiklash ishlari davomida hududdagi ayrim AGTKShlarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidan o‘tuvchi gaz quvurida yirik yong‘in sodir bo‘lgan haqidagi xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Vazirlikka ko‘ra, 4 iyun kuni soat 19:15da “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining 464-kilometridan ulangan, 1982 yilda foydalanishga topshirilgan “Nukus-2” Gsga boruvchi 530 mm diametrli tarmoq gaz quvurining 2,3 kilometrida gaz sizib chiqishi tufayli yong‘in yuz bergan. Soat 19:30da kranlar to‘liq yopilib, yong‘in bartaraf qilingan.
Voqea joyiga soat 19:45da avariya-tiklash guruhi yetib borgan. Avariya-tiklash ishlari davomida “Nukus-2” Gsdan tabiiy gaz bilan ta’minlanuvchi iste’molchilarga “Sho‘rko‘l” Gsi bilan ulangan halqali gaz tarmog‘i orqali tabiiy gaz yetkazib berilib, faqat “Hududgazta’minot” AJga qarashli AGTKShlarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatilgan.
Gaz sizib chiqishi tufayli sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida D-530 mm bo‘lgan yuqori bosimli gaz quvurining yaroqsiz holga kelgan 10 metr uzunlikdagi qismi to‘liq almashtirilgan. Avariya-tiklash ishlari bugun soat 10:30da yakunlangan hamda barcha iste’molchilarga tabiiy gaz to‘liq yetkazib berila boshlangan.