Jahon | 15:07 / 06.06.2023
4017
3 daqiqa o‘qiladi

«Urush va tinchlik» Rossiyada eng ommabop raqamli klassik kitobga aylandi

Oxirgi 12 oy ichida «Urush va tinchlik» romani «Litres» xizmatida 74 000 dan ortiq marta yuklab olingan - u rus klassik asarlari orasida eng mashhur raqamli kitobga aylandi. Bir yil avval platformada «Rus klassikasi» turkumidagi yuklamalar bo‘yicha Fyodor Dostoyevskiyning «Telba» romani yetakchi bo‘lgandi.

Foto: Istoki

Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik» romani o‘tgan yil davomida «Liters» platformasida rus klassik asarlari orasida eng mashhur raqamli kitobga aylandi - u 74 000 martadan ko‘proq yuklab olingan. Bu haqda servis ma’lumotlariga tayanib, «Vedomosti» nashri xabar bermoqda

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Fyodor Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romani so‘nggi 12 oy ichida yuklab olingan asarlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi, u 64 ming marta yuklab olingan. Uchinchi o‘rinda Tolstoyning «Anna Karenina» romani (62 ming marta yuklab olingan), to‘rtinchi o‘rinda Mixail Bulgakovning «Morfiy» qissasi joylashgan. Dostoyevskiyning «Telba» romani bor-yo‘g‘i beshinchi o‘rinni egalladi – bir yil avval u reyting yetakchisi bo‘lgan edi. 

Bundan tashqari, rus klassik asarlari o‘ntaligiga Yevgeniy Zamyatinning «Biz» antiutopiya romani, Fyodor Dostoyevskiyning «Aka-uka Karamazovlar», Ilya Ilf va Yevgeniy Petrovning «Bir qavatli Amerika», Aleksandr Pushkinning «Kapitan qizi», Nikolay Gogolning «O‘lik jonlar» romani kiradi. «Litres» tahlilchilariga ko‘ra, Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita» romani bu yil eng yaxshi 10 talikdan tushib qolgan. 

Avvalroq Rossiya kitob uyushmasi va nashriyotlar vakillari so‘nggi bir yil ichida Rossiyada kitoblar narxi taxminan 20 foizga oshgani haqida xabar bergan edi. 2023 yil oxiriga borib, narxlar yana 15 foizga ko‘tariladi, deya ma’lum qildi nashriyotchilar. Ular buni hozir Xitoy va boshqa Osiyo davlatlarida sotib olinadigan bosma mahsulotlar narxining oshishi bilan izohlamoqda. Bundan tashqari, rubl kursi va talabning pasayishi xarajatlar o‘sishiga ta’sir qiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid