Jahon | 13:13 / 08.06.2023
10218
2 daqiqa o‘qiladi

NATO sobiq bosh kotibi: Ukrainada alyans askarlari joylashtirilishi mumkin

Anders Fog Rasmussen fikricha, agar Kiyev AQShdan haqiqiy xavfsizlik kafolati olmasa, bu sodir bo‘lishi mumkin. Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirishi mumkin, deb hisoblaydi u.

Foto: Leli Blagonravova

NATO sobiq bosh kotibi Anders Fog Rasmussen iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitda ittifoqqa a’zo davlatlar, jumladan, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga haqiqiy xavfsizlik kafolatlarini bermasa, alyansning ayrim davlatlari Ukrainaga qo‘shin kiritishi mumkinligini taxmin qildi, deb yozadi 7 iyun, chorshanba kuni Britaniyaning The Guardian gazetasi.

«Agar NATO Ukraina uchun aniq yo‘l bo‘yicha kelisha olmasa, ba’zi davlatlar alohida chora ko‘rishi ehtimoli bor. Bilamizki, Polsha Kiyevga aniq yordam ko‘rsatishdan juda manfaatdor. Polshaning bu ishga qo‘shilishi ehtimoli milliy darajada faol bo‘lishi va Boltiqbo‘yi davlatlari ham unga ergashishi mumkin. Bu quruqlikdagi qo‘shinlarni yuborish imkoniyatini ham o‘z ichiga olishi mumkin», dedi Rasmussen. 

«Biz Polshaning pozitsiyasini e’tiborsiz qoldirmasligimiz kerak, polyaklar G‘arbiy Yevropa ularning ogohlantirishlariga uzoq vaqt davomida quloq solmagan deb hisoblaydilar», deb ta’kidladi sobiq NATO bosh kotibi. U Ukrainaning bunday harbiy yordam uchun ariza berishini mutlaqo qonuniy deb bilishini qo‘shimcha qildi.

Anders Fog Rasmussen bu haqda Shimoliy Atlantika alyansining amaldagi rahbari Yyens Stoltenberg NATO Vashington shartnomasining 5-moddasiga muvofiq to‘liq xavfsizlik kafolatlarini faqat to‘liq a’zolarga berishi haqida eslatganidan keyin bayonot berdi. Kiyev 2022 yil sentabrida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Stoltenberg ta’kidlashicha, blok barcha mamlakatlari Ukrainaning a’zo bo‘lish istiqboliga rozi, ammo asosiy maqsad, uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevning g‘alabasi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid