Jahon | 14:32 / 08.06.2023
10480
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Xerson viloyatining suv bosgan hududlariga tashrif buyurdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xizmat safari bilan Xerson viloyatiga keldi. Bu haqdagi ma’lumotlar Zelenskiyning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida paydo bo‘ldi. 

Foto: AP

Prezident Kaxovka GES to‘g‘oni portlatilishi – aholini evakuatsiya qilish, ekotizimni yangilash istiqbollari va hududdagi tezkor harbiy vaziyat bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqmoqchi.

«Yo‘qotishlarni hisoblab chiqish va tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan aholiga kompensatsiya to‘lash uchun mablag‘ ajratish, zararni qoplash yoki Xersondagi korxonalarni ko‘chirish dasturini ishlab chiqish muhim», — deb yozgan Zelenskiy.

Ukraina BMT va Qizil Xoch jamiyatidan Kaxovka GESdagi falokatni bartaraf etishda yordam berish bo‘yicha so‘roviga javob olmadi, dedi prezident Volodimir Zelenskiy 7 iyun kuni e’lon qilingan Bild gazetasiga bergan intervyusida.

«Javob olmadik. Men hayratdaman», - dedi Zelenskiy va Xerson viloyatidagi favqulodda vaziyat joyida «birinchi bo‘lib hayotni saqlab qolish uchun» BMT va Qizil Xoch xodimlari bo‘lishi kerakligini ta’kidladi, «lekin ular u yerda emas», dedi u.

Zelenskiy o‘zining kundalik kechki videomurojaatida Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlarni «zudlik bilan qutqaruv operatsiyasiga qo‘shilishga» chaqirdi. Ayniqsa, Rossiya tomonidan egallab olingan hududlar aholisi uchun yordam zarur, dedi prezident.

Mavzuga oid