Jahon | 16:30 / 09.06.2023
6684
2 daqiqa o‘qiladi

Shols, Duda va Makron Parijda Ukraina uchun kafolatlarni muhokama qiladi

Foto: Reuters

Germaniya kansleri Olaf Shols va Polsha prezidenti Anjyey Duda 12 iyun kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Ukraina xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilish uchun Parijga boradi. Bu haqda Politico fransuz rasmiylariga tayanib xabar berdi
 
Shols, Duda va Makron, Politico nashriga ko‘ra, Ukrainaning imkon qadar tezroq NATOga a’zo bo‘lishga intilishidan kelib chiqqan holda umumiy pozitsiyani ishlab chiqishlari, shuningdek, Kiyev bir qator demokratik davlatlardan olishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishlari kerak. 

Makron, deb yozadi gazeta, alyansning iyuldagi sammitidayoq Ukraina uchun NATOga yo‘l ochishga tayyor, Shols esa ehtiyotkorroq pozitsiyani egallab, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning dolzarb masalalariga e’tibor qaratishni taklif qilmoqda. 

AQShning Ukrainaga bo‘lajak yordami, shuningdek, prezident Jo Baydenning xalqaro obro‘si bevosita UQK hujumining muvaffaqiyatiga bog‘liq, degandi avvalroq Politico nashriga anonimlik sharti bilan AQShning yuqori martabali amaldorlari. 

Nashr suhbatdoshlari, agar Ukraina hujumi yetarli darajada muvaffaqiyatli bo‘lmasa yoki umuman muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Ukrainaga harbiy va iqtisodiy yordam qisqartiriladi, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqiriqlar tobora balandroq yangraydi, deb taxmin qilishdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid