Jahon | 11:03 / 09.06.2023
6409
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Xitoy va Kuba orolda AQShni kuzatish uchun baza qurmoqchi

Pekin va Havana AQSh janubi-sharqidagi aloqa tarmoqlari xabarlarini tutib olish uchun Kubada baza qurishga kelishib oldi, deb ma’lum qildi WSJ. Manbalarning xabar berishicha, Xitoy Kubaga orolda shunday razvedka bazasini tashkil etish uchun bir necha milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lgan. Sovuq urush davrida SSSR Kubada xuddi shunday maqsadda bazaga ega edi.

Foto: wall street

Xitoy va Kuba xabarlarni, shu jumladan elektron pochta, telefon qo‘ng‘iroqlari va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini tutib olish uchun Floridadan 160 km uzoqlikda maxsus baza tashkil etish bo‘yicha maxfiy kelishuvga erishdi. Pekin orolda shunday razvedka inshootini qurish uchun Havanaga bir necha milliard dollar to‘lashga rozi, deb yozadi The Wall Street Journal ushbu masaladan xabardor bo‘lgan prezident Jo Bayden ma’muriyati vakillariga tayanib.

WSJ suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, yangi obekt razvedka xizmatlariga ko‘plab harbiy bazalar joylashgan AQSh janubi-sharqiy qismida elektron pochta xabarlarini ushlash va Amerika kemalarining harakatini kuzatish imkonini beradi. Rejalashtirilgan joy haqidagi ma’lumotlar Kubaning AQShga yaqinligi sababli Bayden ma’muriyatida xavotir uyg‘otdi. Vashingtonga ko‘ra, ilg‘or harbiy va razvedka salohiyatiga ega Xitoy bazasi AQSh milliy xavfsizligi uchun misli ko‘rilmagan yangi tahdidga aylanishi mumkin.

7 iyun, chorshanba kuni AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi WSJ'ga kelishuvlar bo‘yicha izoh bera olmasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh Xitoy hukumatining harbiy toifadagi infratuzilmaga sarmoya kiritish sa’y-harakatlarini kuzatmoqda va unga qarshi choralar ko‘rmoqda. Xabar e’lon qilinganidan so‘ng, Kirbi uning reportaji "noto‘g‘ri" ekanligini aytdi. U hech qanday ma’lumot bermadi, ammo Qo‘shma Shtatlar "ichki va mintaqada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha barcha majburiyatlarini" bajarishga qodirligiga ishontirdi.

Mavzuga oid