Jahon | 14:45 / 11.06.2023
48253
8 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning qarshi hujumi boshlandi. Va hozircha juda og‘ir kechmoqda

Foto: The Washington Post

Ukraina qurolli kuchlari anchadan buyon rejalashtirilgan va anons qilingan yurishini 4-5 iyun kunlari boshladi. Hozircha uning shakli va asosiy zarba yo‘nalishi qanday bo‘lishi aniq emas. Birinchi fazada g‘arb mamlakatlari yordami bilan yozgi kampaniya uchun tayyorlangan barcha kuchlar ham harakatga keltirilmadi. Kutilganiga ters o‘laroq, Ukraina qo‘mondonligi birinchi bosqichda o‘z kuchlarini tarqatib joylashtirishga qaror qildi: Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya oblasti va Donetsk oblasti g‘arbining o‘zida birdaniga uchta operativ yo‘nalishda hujum qilishga urinmoqda. Yurish boshlangan frontning eng g‘arbiy chekkasi, Dnipro sohillaridan eng sharqiy chekkasi, Vuhledar shahri atrofigacha masofa 115 kilometrni tashkil etadi. Agar bunga Ukraina qurolli kuchlari Baxmut frontining qanotlarida ham may oyida boshlangan hujumlarni davom ettirayotgani qo‘shilsa, qo‘mondonlik beshta operativ yo‘nalishni tanlagani ma’lum bo‘ladi.

Kuchlar aynan shunday yoyib yuborilgani taktik muammolarga olib kelishi mumkin:

  • Ukraina qurolli kuchlari hech bir yo‘nalishda Rossiya mudofaasiga besh kilometrdan oshiq masofada chuqur kirib bora olmayapti;
  • o‘nlab texnikalar, jumladan shu qarshi hujum uchun maxsus yetkazib berilgan nemislarning «Leopard» tanklari va Amerikaning «Bredli» rusumli jangovar piyodalar mashinalari yo‘qotilgan.

Yurish muvaffaqiyatli chiqishi uchun Ukraina taktik muammolarni ham (RF qurolli kuchlarining oldingi pozitsiyalari qarshisidagi kulrang hududdan katta yo‘qotishlarsiz o‘ta olmaslik muammosi), operativ muammolarni ham hal qilishi — Rossiya mudofaasidagi nisbatan zaif joyni tanlab, shu yo‘nalishga katta kuch to‘plagan holda zarba berishi kerak bo‘ladi.

Donetsk oblasti g‘arbi. Velika Novosilkadagi bo‘rtiq

Rossiya qo‘shinlari 2022 yildagi janglar vaqtida Zaporijjya va Donetsk oblastlari chegarasidagi Velika Novosilka shahri chekkasiga yetib boruvchi bo‘rtiqni hosil qilishgandi. Shaharni egallab olishning imkoni bo‘lmagandi, shundan so‘ng uning atrofida pozitsion janglar boshlangan.

Endilikda Ukraina qurolli kuchlari g‘arbdan (Storojyevega) va sharqdan (Novodonetskka) zarbalar berish orqali bu bo‘rtiqni kesib tashlashga qaror qilgan. Bu hujumda Ukraina qurolli kuchlarining kamida ikkita yangi brigadasi ishtirok etmoqda. Muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda, istiqbolda Mariupolga va Taganrog tomondan (Rostov oblasti) keluvchi ta’minotni to‘sib qo‘yish uchun yurish qilishga yo‘l ochiladi. Ammo hozircha ukrain bo‘linmalari qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.

  • Qarshi hujum uchun tashkil etilgan yangi, 37-dengiz piyodalari brigadasi Novodonetskni egallashga muvaffaq bo‘ldi, ammo bu yerda (va front chizig‘idan o‘tishda) u katta yo‘qotishlarga uchrab, chekinishga majbur bo‘ldi (Ukraina qurolli kuchlari qishloqni butunlay tark etgani vizual manbalar bilan tasdiqlanmagan). Qishloq hududida fransuzlar tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita AMX-10 rusumli g‘ildirakli yengil tanklar qoldirib ketilgan. Brigada harbiy xizmatchilari yo‘llagan videomurojaatda qo‘mondonlikka razvedka va rejalashtiruv yo‘qligidan shikoyat qilinadi: go‘yoki ularga Novodonetskda Rossiya qo‘shinlari yo‘qligini aytishgan.
  • Ukraina qurolli kuchlarining boshqa guruhi bo‘rtiqqa g‘arb tomondan hujum qilgan. Hujumdan oldin RF qurolli kuchlarining oldingi va orqa chiziqlariga kuchli artilleriya zarbalari yo‘llangan. Videolarga ko‘ra, ukrain qo‘shini minalangan maydonlar va artilleriya zarbalari tufayli qator texnikalaridan ayrilgan bo‘lsa-da, Storojyeve tomon uch yarim kilometr oldinga siljib, rossiyaliklarning bir qancha pozitsiyalarini egallagan. Va bu hozircha Ukraina qurolli kuchlarining bu yo‘nalishdagi eng jiddiy yutug‘i bo‘lib qolmoqda.

Orixiv yo‘nalishi

Yurishda ukrainlarning «Leopard» tanklari va «Bredli» mashinalari bilan qurollangan brigadalari ishtirok etdi (Pentagonning bahorda sizdirilgan hujjatlariga ko‘ra, bu yangi shakllantirilgan 33-mexanizatsiyalashgan brigadasi va 47-mexanizatsiyalashgan brigadasi; ammo o‘tgan ikki oy ichida texnikalar birlashmalarga qaytadan taqsimlangan bo‘lishi mumkin).

Birinchi hujum yirik muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangandek ko‘rinmoqda. Qo‘shin rossiyaliklar pozitsiyasiga yetib kelmasdanoq, oraliq zonada yo‘qotishlarga uchray boshlaydi. Texnikalar minalangan maydonga tushib qolgan, shuningdek ularga Rossiya artilleriyasi, yerdan tankka qarshi raketalar va havodan vertolyotlar bilan hujum qilingan.

Bir necha hujum davomida o‘nlab zirhli mashinalar boy berilgan, jumladan bir necha «Leopard» tanklari va «Bredli» mashinalari zarbaga uchragan. O‘z navbatida, RF qurolli kuchlari mudofaasi ichkarisiga chuqur kirib borish kuzatilmagan (yoki videolar bilan tasdiqlanmagan).

Zaporijjya oblasti g‘arbi

Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Dnipro chap sohilidan taxminan 10 kilometr sharqda va Zaporijjya shahridan 35 kilometr janubda joylashgan Lobkovoye qishlog‘iga hujum qildi. Nazariy jihatdan, Dnipro bo‘ylab janubga beriladigan zarba yirik operatsiyadagi asosiysi bo‘lishi mumkin: bunday yurishning nishoni katta ehtimol bilan Zaporijjya AES va istiqbolda Qrim bo‘yni bo‘ladi. Ukraina qurolli kuchlarining ilg‘or bo‘linmalari qulay pozitsiyaga ega bo‘ladi — ularning o‘ng qanoti doimo Dnipro daryosi bilan himoyalanadi, daryo ortida Ukraina artilleriyasi pozitsiyalari joylashadi. Ukraina qurolli kuchlari Dnipro yoqasidagi front chizig‘i bo‘ylab hujum qilish orqali, amalda Rossiya qo‘shinlarini daryodan uzoqlashtiradi.

Ammo aynan shu yo‘nalishda nisbatan kamroq kuchlar bilan zarba berilgan. Ukrain harbiylari Lobkovoyega kirishgan (buning video tasdig‘i bor), ammo front chizig‘iga yetmay turib, Rossiya artilleriyasi zarbalari tufayli bir necha texnikani boy berishgan. Rossiya manbalari RF qurolli kuchlari qishloqni yana qaytarib olganini aytishgan, ammo bunga dalil keltirilmagan.

Ukraina qurolli kuchlarining taktik muammolari butun operatsiyaga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida aytishga hali erta. Katta ehtimol bilan, ukrain armiyasi avvaliga ukrain qo‘shinlarining minalangan maydonlar orqali harakatlanishiga xalal berayotgan va ularga katta zarar yetkazayotgan Rossiya artilleriyasini bostirishga asosiy e’tiborni qaratishi talab etiladi. Buning uchun Ukraina qurolli kuchlari o‘z artilleriyasini front chizig‘ini yorib o‘tish rejalashtirilgan nuqtada ko‘proq jamlashi kerak bo‘ladi.

Hozircha kuchlar muvozanatida tub o‘zgarishlar yo‘q. Ukraina zaxirasida hamon katta kuchlar saqlab turilibdi: yangi brigadalarning aksar qismi hali jang maydonida paydo bo‘lmadi. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari ham katta yo‘qotishlarga uchramoqda va buni Rossiyadagi manbalar ham tan olmoqda.

Mavzuga oid