Jahon | 18:27 / 12.06.2023
25063
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti sirtdan 30 yilga qamaldi

Qurmanbek Bakiyev Qumtor oltin koni bo‘yicha korrupsiyada aybdor deb topildi.

Foto: AP

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrining Pervomayskiy tuman sudi sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevni Qumtor konidagi korrupsiyada ayblab, sirtdan 30 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Kaktus Media xabar berdi.

Qayd etilishicha, qamoq jazosining umumiy muddati Bakiyevning avvalgi hukmlarini hisobga olgan holda tuzilgan. Shuningdek, sud sobiq prezidentning mol-mulkini musodara qilish va jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin 3 yilga davlat xizmatida ishlashni taqiqlash haqida qaror chiqardi.

Xuddi shu ish bo‘yicha Maksim Bakiyev, uning biznes sherigi Aleksey Yeliseyev va yana to‘rt kishiga hukm o‘qildi. Ular 9 yildan 13 yilgacha qamoq jazosini oldi. Barcha mahkumlarning mol-mulki musodara qilinadi, shuningdek, ozodlikka chiqqanidan keyin 3 uch yil davomida davlat lavozimlarida ishlay olmaydi.

Nashrning yozishicha, sud ishi Qurmanbek Bakiyev, Qirg‘iziston hukumati va «Qirg‘izoltin», «Tsenterra gold», «Qumtor gold kompani» va «Kumtor opereyting kompani» o‘rtasida Qumtor koni bo‘yicha tuzilgan shartnomaga taalluqli.

2021 yilda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ushbu sohadagi korrupsiya bilan bog‘liq bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Xavfsizlik kuchlari ikki qochqin prezidentni qidiruvga berdi: mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumon qilingan Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevni.

2023 yil yanvar oyida sobiq prezident Asqar Akayevga nisbatan Qumtor konidagi korrupsiya bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish to‘xtatildi. «Asqar Akayevga nisbatan jinoiy ta’qib, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha da’vo muddati o‘tgani tufayli tugatildi», degan edi bu haqda Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi xalqaro huquqiy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Asilbek Akmatov.

Qumtor - Markaziy Osiyodagi eng yirik oltin konlaridan biri bo‘lib, Qirg‘iziston shimolidagi Issiqko‘l viloyatida, Xitoy bilan chegaradan 60 km uzoqlikda, 4 metrdan ortiq balandlikda joylashgan.

Qurmanbek Bakiyev 2005-2010 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. U Asqar Akayevga qarshi «lola inqilobi» natijasida hokimiyatga kelgan. 2009 yilda u davlat rahbari sifatida qayta saylangan. 2010 yil 7 aprelida Bishkek markazida hokimiyat va muxolifat o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan, bu to‘qnashuvda 80 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 300 dan ortiq kishi jarohatlangan. Bakiyev hokimiyatdan ag‘darilgan va mamlakatni tark etgan.

2013 yilda Bakiyev Qirg‘izistonda «xizmat vakolatini suiiste’mol qilish» moddasi bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilib, sirtdan 24 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

2014 yilda britaniyalik tadbirkor Shon Deyli hayotiga suiqasd uyushtirganlikda ayblanib, sirtdan 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

2022 yil dekabr oyida uning Bishkekdagi hashamatli uyida nogiron bolalar uchun reabilitatsiya markazi ochildi.

Ayni paytda Bakiyev Belarusda bo‘lib, prezident Aleksandr Lukashenko unga siyosiy boshpana bergan.

Mavzuga oid