Jahon | 00:04 / 13.06.2023
11967
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh BMTni isloh qilish bo‘yicha maslahatni boshladi 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti urushlarning, jumladan, Ukrainadagi urushning oldini olmagani va to‘xtatmagani uchun qattiq tanqid qilinmoqda. O‘zgarishlar bunday kamchilikni bartaraf qilishi mumkin. 

Foto: Bebeto Matthews/AP

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati BMT Xavfsizlik Kengashini tubdan isloh qilish bo‘yicha reja ishlab chiqmoqda va xalqaro institutning nufuzini tiklashga harakat qilmoqda. Bu haqda The Washington Post yozdi. 

Qayd qilinishicha, Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi vakili Linda Tomas-Grinfild boshqa mamlakatlar diplomatlari bilan maslahatlashib, Xavfsizlik Kengashini kengaytirish g‘oyasi haqida ularning fikrini bilishga intilmoqda. Ta’kidlanishicha, Vashington Kengashga doimiy a’zolar sifatida yana bir necha davlatni (oltitagacha) qo‘shish tarafdori, ammo veto huquqisiz. 

Shu tariqa, Bayden g‘arbga oid bo‘lmagan davlatlarning xalqaro siyosatdagi roli ortib borayotganini hisobga olishga va ularning Xavfsizlik Kengashi a’zolariga nisbatan noroziligini bartaraf etishga harakat qilmoqda. Hozirgi vaqtda BMT Xavfsizlik kengashiga 5 mamlakat doimiy a’zo: AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya. Ular veto huquqiga ega. Nashrning qayd etishicha, ba’zi davlatlar ushbu mamlakatlardan Ukrainadagi urushning oldini olmagani va to‘xtatmagani uchun norozi. 

Hozircha Vashington BMT islohoti masalasiga aniq izoh bermagan. Ammo xabardor manbalarning jurnalistlarga aytishicha, Vashington Germaniya, Yaponiya va Hindistonga Xavfsizlik Kengashida doimiy a’zolik berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Fransiya va Britaniya ham bu nomzodlarga qarshi emas, lekin Braziliya va Afrikadan kamida bitta davlatni Kengashda ko‘rishni istaydi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotida dunyoning barcha davlatlarini o‘z ichiga olgan Bosh Assambleya bilan bir qatorda Xavfsizlik Kengashi ham mavjud. Bosh Assambleya rezolyutsiyalaridan farqli o‘laroq, Xavfsizlik Kengashining qarorlari BMTning barcha davlatlari uchun majburiydir. 

Ikkinchi jahon urushidan keyin BMT tashkil qilingan paytda 5 ta davlat Xavfsizlik Kengashi tarkibiga doimiy a’zo bo‘lib kirgan edi: AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy (dastlab, Xitoy Respublikasi, keyinchalik Xitoy Xalq Respublikasi), SSSR (keyinchalik uning o‘rnini Rossiya egalladi). Bu davlatlar Xavfsizlik Kengashida ovoz berishda cheksiz veto huquqiga ega. 

Shuningdek, 10 ta davlat Xavfsizlik Kengashiga vaqtinchalik a’zo bo‘lishi mumkin. Ular har ikki yilda rotatsiya tamoyili asosida o‘zgarib turadi. Ular veto huquqiga ega emas, ammo ovoz berish jarayonida ishtirok etishi mumkin. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid